Rossiyaning Wildberries kompaniyasi Ukraina dron hujumlaridan zarar ko‘rgan kichik biznes subyektlariga kompensatsiya to‘lashni boshladi. O‘rta va yirik sotuvchilar uchun ham alohida qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqilmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Tatyana Kim ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Elektrostaldagi omborda tovarlari saqlangan qariyb 88 ming kichik tadbirkor moliyaviy yordamning dastlabki choralarini oladi.
"Tadbirkorlarimizning eng kichik va eng himoyasiz qatlami — tovarlari Elektrostal omboriga joylashtirilgan qariyb 88 ming kishi bugun moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning dastlabki choralarini oladi yoki bu mablag‘lar ularning shaxsiy hisobida aks etganini ko‘radi", — dedi Tatyana Kim.
O‘rta va yirik sotuvchilar uchun esa "sotuv simulyatori" deb nomlangan alohida mexanizm ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, tadbirkorlarga tovarlari ombordan xuddi sotilgandek, bir xil narx va chegirmalar asosida to‘lovlar amalga oshiriladi.
Tatyana Kim Wildberries ofertasida kompaniyani hujumlar va dronlar bilan bog‘liq xatarlar tufayli yuzaga kelgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qiluvchi band mavjudligini aytgan. Biroq u kompaniya sotuvchilarni qiyin vaziyatda tashlab qo‘ymasligini ta’kidlagan.
Wildberries omborlariga hujumlar
Ma’lum qilinishicha, Wildberries'ning Kotovsk va Elektrostaldagi omborlariga birinchi dron hujumlari 18 iyul kuni sodir bo‘lgan. Keyinchalik kompaniyaning Krasnodar va Nevinnomisskdagi omborlari ham hujumlarga uchragan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi mazkur hujumlarni terrorchilik harakati sifatida baholagan. Hujumlar oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan.
Data Insight tahlilchisi Sergey Semkoning hisob-kitoblariga ko‘ra, Tambov va Moskva viloyatlaridagi omborlarda sodir bo‘lgan yong‘inlar kamida 150 milliard rubllik tovarlarni yo‘q qilgan bo‘lishi mumkin. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, umumiy zarar miqdori yanada yuqori bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Wildberries omborlariga qilingan hujumlarni u yerlarda dronlar va navigatsiya uskunalari uchun ehtiyot qismlar saqlangani bilan izohlagan.
Kompaniya omborlarida saqlangan tovarlarning katta qismi kredit mablag‘lari hisobidan xarid qilingani aytilmoqda. Shu bois hujumlardan keyin tadbirkorlarning soliq va yetkazib beruvchilar oldidagi majburiyatlari ham saqlanib qolgan.






