OpenAI kompaniyasining ikkita sun'iy intellekt modeli, jumladan GPT-5.6 Sol va hali ommaga taqdim etilmagan yanada kuchliroq model, ichki sinovlar davomida sun'iy intellekt platformasi Hugging Face infratuzilmasiga hujum qilgan. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, voqea OpenAI'ning kiberxavfsizlik qobiliyatlarini tekshirishga qaratilgan ichki sinovlari vaqtida sodir bo'lgan. Modellar xavfsizlik maqsadida cheklangan muhitda ishlagan. Biroq ular ushbu muhitdan chiqish yo'lini topib, internetga ulangan.
Shundan so'ng sun'iy intellekt agentlari test topshirig'ini bajarish uchun dunyodagi eng yirik sun'iy intellekt platformalaridan biri bo'lgan Hugging Face'ga hujum qilgan. Mazkur platformada ishlab chiquvchilar tayyor neyrotarmoqlar, ma'lumotlar to'plamlari, testlar va boshqa materiallar bilan bo'lishadi.
OpenAI ma'lumotlariga ko'ra, modellar bir nechta zaifliklarni zanjirli tarzda birlashtirgan, o'g'irlangan ma'lumotlardan foydalangan va oxir-oqibat Hugging Face'ning ishlab turgan infratuzilmasiga kirish imkoniyatiga ega bo'lgan. Ular test topshirig'iga javob topish uchun platformadagi ma'lumotlarga kirishga urungan.
OpenAI va Hugging Face jamoalari shubhali faollikni aniqlab, hujumni to'xtatgan. OpenAI ushbu voqeani "misli ko'rilmagan kiberhodisa" deb atagan va kelgusidagi sinovlar hamda modellarni ishlab chiqish jarayonlarida himoya mexanizmlarini kuchaytirishini ma'lum qilgan.
Hugging Face hammuassisi va bosh direktori Kleman Delang kompaniya OpenAI tomonidan qasddan qilingan yovuz niyatni ko'rmayotganini aytgan.
"Biz OpenAI tomonidan hech qanday g'arazli niyat bo'lmaganiga qat'iy ishonamiz. Bularning barchasi avtonom tarzda sodir bo'lgani shunchaki hayratlanarli", — degan u.
Mazkur voqea sun'iy intellekt modellarining mustaqil ravishda murakkab kiberoperatsiyalarni amalga oshirish qobiliyati tobora ortib borayotgani haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi.






