Frantsiya va Ispaniyada avj olgan o‘rmon yong‘inlari minglab aholini uylarini tark etishga majbur qildi. Hozirga qadar ikki mamlakatda jami 220 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan.
Frantsiyaning Bordo shahri yaqinida yong‘inlar kengayib borayotgani sababli yana qariyb 60 ming kishini evakuatsiya qilish buyrug‘i berildi. Bu bilan mamlakat janubi g‘arbidagi Jironda va Land hududlaridan evakuatsiya qilinganlar soni 200 ming nafarga yetdi.
Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron yong‘inlarga qarshi kurashish ishlariga harbiylarni ham jalb qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Ispaniyada esa Madrid yaqinidagi uchta yirik yong‘in o‘chog‘i birlashib, ulkan yong‘inga aylangan. Mahalliy rasmiylar uni hozircha yong‘in o‘chiruvchilar imkoniyatlaridan tashqaridagi ofat deb baholamoqda.
Mamlakat hukumati milliy favqulodda holat e’lon qildi. Madrid mintaqasida yong‘inlardan 60 mingdan ortiq kishi jabr ko‘rgan. Hozirga qadar 25 ming kishi evakuatsiya qilingan, qariyb 40 ming aholiga esa uylaridan chiqmaslik tavsiya etilgan.
Madrid mintaqasi rahbari Isabel Dias Ayuso buni "mintaqa tarixidagi eng yirik yong‘in" deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori harorat, kuchli shamol va bir nechta yong‘in o‘choqlarining qo‘shilishi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Yong‘inlar Madriddan taxminan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan Robledo de Chavela va Fresnedilyas de la Oliviya munitsipalitetlari tomon siljimoqda.
Madrid hukumati Favqulodda vaziyatlar xizmati rahbari Karlos Novilyonning aytishicha, yong‘in hozir eng yuqori nuqtaga chiqqan va uni to‘liq nazoratga olish imkoni yo‘q.
"Hozir bu hududda yong‘inga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri kurashishning iloji yo‘q. Shuning uchun asosiy e’tibor aholi punktlarini himoya qilishga qaratilgan", dedi u.
Ispaniya Qurolli kuchlarining Favqulodda vaziyatlar bo‘linmasi alanganing tarqalishini to‘xtatish uchun safarbar etilgan. Asosiy kuchlar El Eskorial shahri atrofini himoya qilishga yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, Avila viloyatidagi yana bir yirik yong‘in ham kuzatilmoqda. Mutaxassislar Burgogondo hududidagi yong‘in Madriddagi yong‘in bilan qo‘shilib ketishidan xavotir bildirmoqda.






