AsosiyJAMIYAT

Abituriyentlar uchun OTM va ta'lim yo'nalishini tanlash boshlandi

Tanlov jarayoni 8 avgustgacha davom etadi.

'Abituriyentlar uchun OTM va ta'lim yo'nalishini tanlash boshlandi'ning rasmi

Bugun, 25 iyul kuni oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlarida qatnashgan abiturientlar uchun oliy ta'lim tashkiloti va bakalavriat ta'lim yo'nalishini tanlash jarayoni boshlandi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lum qilishicha, tanlov jarayoni 8 avgustgacha davom etadi va "avval test, so'ng tanlov" tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Abiturientlar testda topshirgan fanlar majmuasi hamda ta'lim tiliga mos ravishda 5 tagacha oliy ta'lim tashkiloti va bakalavriat yo'nalishini tanlashi mumkin. Shuningdek, har bir yo'nalish bo'yicha kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta'lim shaklini belgilash imkoniyati mavjud.

Tanlovni bir OTM doirasida ham, turli oliy ta'lim muassasalari kesimida ham amalga oshirish mumkin.

OTM va ta'lim yo'nalishini tanlash uchun abiturientlar my.uzbmb.uz platformasiga kirib, "Oliy va kasbiy ta'lim tashkilotlariga qabul" bo'limi orqali tegishli xizmatdan foydalanishi kerak.

Jarayon davomida tanlov ustuvorligi belgilanadi, mavjud bo'lsa, maqsadli qabul bo'yicha ham yo'nalish tanlanadi. Keyin fanlar majmuasiga mos ta'lim yo'nalishlari va ta'lim shakllari belgilanib, ma'lumotlar saqlanadi.

Tanlov yakunida abiturient telefon raqamiga yuborilgan SMS-kod orqali ma'lumotlarni tasdiqlaydi va "Abiturient qayd varaqasi" shakllanadi. Agentlik ushbu hujjatni yuklab olib, saqlab qo'yishni tavsiya qilgan.

Abiturientlar kiritilgan ma'lumotlarni 8 avgustgacha istalgan vaqtda o'zgartirishi mumkin. Belgilangan muddat tugagach, tanlov ma'lumotlariga o'zgartirish kiritish imkoni bo'lmaydi.

    Boshqa yangiliklar