O'zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu davlatda yashayotgan yoki vaqtincha bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
Elchixona Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi ehtimoli borligi sababli fuqarolarni hushyor bo'lishga va shaxsiy xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi.
Fuqarolarga Isroil rasmiy idoralari, jumladan, Fuqaro fronti qo'mondonligi (Home Front Command) tomonidan berilayotgan xabar va ko'rsatmalarni muntazam kuzatib borish hamda ularga amal qilish tavsiya etildi.
Shuningdek, elchixona yashash yoki ish joyiga yaqin bo'lgan boshpana joylarini oldindan aniqlab qo'yish, harakatlanish vaqtida ehtiyotkor bo'lish, rasmiy cheklovlar va xavfsizlik bo'yicha ogohlantirishlarni inobatga olish kerakligini bildirdi.
Fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo o'zi bilan olib yurish va yaqinlari bilan doimiy aloqada bo'lish tavsiya qilingan.
“Xotirjamlikni saqlang, tasdiqlanmagan ma'lumotlarni tarqatmang va faqat rasmiy manbalar axborotiga tayaning. Elchixona vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda va zarurat tug'ilganda qo'shimcha ma'lumot beradi”, — deyiladi xabarda.
Elchixona bilan bog'lanish uchun quyidagi raqamlar ko'rsatilgan:
03-672-2466
03-672-2371
03-758-5075
03-758-5076
Favqulodda va shoshilinch holatlarda quyidagi raqamga murojaat qilish mumkin: +972 54 485 1397.
Avvalroq, 16 iyun kuni elchixona O'zbekiston fuqarolariga Isroilga kirish va mamlakatdan chiqib ketishda bojxona qoidalariga qat'iy rioya qilish bo'yicha murojaat qilgan edi.






