Turkiyaning Qiriqqal'a viloyatida avtobus ag'darilib ketishi oqibatida 40 kishi jarohat oldi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, hodisa 25 iyul kuni Qiriqqal'a–Samsun avtomobil yo'lining Kimeski hududida sodir bo'lgan. Avtobus haydovchisi boshqaruvni yo'qotganidan so'ng transport vositasi yo'ldan chiqib ketib, ag'darilgan.
Avtobusda jami 42 kishi bo'lgan, ular orasida kompaniyaning uch nafar xodimi ham bor. Jarohatlanganlar Qiriqqal'a shahridagi shifoxonalarga yetkazilgan.
Hodisa joyiga tez yordam, politsiya va qutqaruv xizmatlari jalb qilingan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, jabrlanganlar orasida xorij fuqarolari yo'q.
Ayni paytda YTH sabablari o'rganilmoqda.






