AsosiyJAMIYAT

"Prezident oilasiga yaqinman" deb yuz minglab dollar olgan shaxslar sudlandi

Darakchi.uz mazkur jinoyat ishiga oid sud hujjatlari bilan tanishdi.

'"Prezident oilasiga yaqinman" deb yuz minglab dollar olgan shaxslar sudlandi'ning rasmi

Sud ma'lumotlariga ko'ra, jinoiy guruhga J.Norqulov rahbarlik qilgan. U o'zini nufuzli shaxslar bilan yaqin aloqasi bor inson sifatida ko'rsatib, turli lavozimlarga tayinlash, davlat tashkilotlari bilan yirik shartnomalar tuzib berish, er ajratish va sud ishlarini hal qilishni va'da qilgan.

Guruh a'zolari esa bunday xizmatlarga ishongan shaxslarni topib, ularni J.Norqulov bilan bog'lab turgan.

Aniqlanishicha, ular 2021 yilda fuqarolardan birini Asaka tumanidagi korxona rahbari lavozimiga tayinlatishni va'da qilib, 25 ming AQSh dollari talab qilgan. Keyinchalik tahdid orqali uning Captiva avtomobilini sotishga majburlab, yana 10 ming dollar olgan.

Shuningdek, temir yo'l sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorga "O'zbekiston temir yo'llari" orqali 280 milliard so'mlik shartnoma olib berishini aytib, jami 119,5 ming dollar olgan. Keyin unga Toyota Land Cruiser 200 avtomobilini arzon narxda sotishni taklif qilib, 45 ming dollar olgan, ammo na shartnoma, na avtomobil berilgan.

Jinoiy guruh yana bir fuqaroga Yangi Toshkent hududidan er ajratish va qurilish hujjatlarini tayyorlab berishni va'da qilib, 40 ming dollar olgan. Biroq va'da qilingan ishlar amalga oshirilmagan.

Bundan tashqari, Xorazm viloyatidagi fermer xo'jaligi erlari bo'yicha masalani hal qilish bahonasida 58,4 ming dollar olingani aniqlangan.

Tergov davomida guruh a'zolari Qo'rg'ontepa tumanidagi dehqon bozorida ham tadbirkorlarga savdo joylari ajratish, do'konlarni rasmiylashtirish va elektr qarzdorligi masalasini hal qilishni va'da qilib, turli miqdordagi mablag'larni qo'lga kiritgani ma'lum bo'lgan.

Sud hukmiga ko'ra, J.Norqulov firibgarlik, odam o'g'irlash, tovlamachilik, talonchilik, transport vositasini olib qochish hamda pora berish bilan bog'liq jinoyatlarda aybdor deb topilib, 10 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Guruhning boshqa a'zolari Sh.Mirzayev, M.Zuxridinov va D.Jo'rayevga ham 10 yil 2 oydan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sud jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan undirish haqida qaror qabul qilgan.

Sudlanuvchilar apellyatsiya shikoyati berib, ayblovlar asossiz ekanini va jazoni yengillashtirishni so'ragan. Biroq apellyatsiya sudi birinchi instantsiya sudining hukmini o'zgarishsiz qoldirgan.

    Boshqa yangiliklar

    "Prezident oilasiga yaqinman" deb yuz minglab dollar olgan shaxslar sudlandi - Darakchi.uz