AsosiyJAMIYAT

Yerni "hal qilib berish" uchun dollar olganlar ushlandi

Ma'lum qilinishicha, Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasida bo'lim boshlig'i lavozimida ishlovchi shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning ishonchini suiiste'mol qilgan.

'Yerni "hal qilib berish" uchun dollar olganlar ushlandi'ning rasmi

O'zbekistonda yer maydonlarini rasmiylashtirish bilan bog'liq korrupsiya holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasida bo'lim boshlig'i lavozimida ishlovchi shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning ishonchini suiiste'mol qilgan.

U Romitan tumani hokimligi zaxirasidagi 65 kvadrat metr yer maydonida 2015 yilda o'zboshimchalik bilan qurilgan savdo va xizmat ko'rsatish binosi hamda unga tutash 35 kvadrat metr bo'sh yer uchastkasini fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o'tkazilgan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Ko'kdala tumani bo'limi bosh mutaxassisi ham korrupsion holatda qo'lga tushgan.

U 1964 yilda tug'ilgan fuqaroga 2019 yilda Chiroqchi tumani hokimi qarori asosida ajratilgan 1 sotix yer maydoni bo'yicha kadastr hujjatlarini tayyorlab, davlat ro'yxatidan o'tkazib berishni va'da qilgan. Buning uchun u Kadastrlar palatasi tizimidagi tanishlari orqali masalani hal qilib berishini aytib, 1 ming AQSh dollari talab qilgan.

Mazkur shaxs ham Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbir vaqtida kelishilgan pulni olayotgan paytda ushlangan.

Qayd etilishicha, har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar