Tegishli farmoyishlar 27 iyul kuni imzolanib, Rossiyaning rasmiy huquqiy axborot portalida eʼlon qilindi. Hujjatlar Qozogʻiston bilan 2013 yil 24 dekabrda imzolangan hamda Oʻzbekiston bilan 2016 yil 29 noyabrda tuzilgan harbiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarga taalluqli. Bu haqda The Insider nashri xabar qildi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, amaldagi kelishuvlar Rossiya qurol-yarogʻini sotish bilan cheklanmay, harbiy ahamiyatga ega mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni ham tartibga soladi. Ular qatoriga qurol-yarogʻ va harbiy texnika, harbiy-texnik axborot, texnologiyalar, intellektual faoliyat natijalari, konstruktorlik va texnologik hujjatlar, shuningdek, tegishli xizmatlar kiradi.
Bitimlarda qurol-yarogʻni taʼmirlash va modernizatsiya qilish, qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, qoʻshma ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda mutaxassislar tayyorlash kabi yoʻnalishlar ham nazarda tutilgan.
Har ikki mamlakat bilan ham harbiy mahsulotlarni yetkazib berish vakolatli tashkilotlar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Mahsulotlarni import va eksport qilish esa tomonlarning vakolatli davlat organlari tasdiqlaydigan roʻyxatlar asosida bajariladi. Shu bois mazkur bitimlar qurol-yarogʻ, butlovchi qismlar va ularga oid xizmatlarni nafaqat Rossiyadan Oʻzbekiston va Qozogʻistonga, balki teskari yoʻnalishda ham yetkazib berish imkonini beradi.
The Insider taʼkidlashicha, Rossiya Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urush boshlanganidan keyin joriy etilgan xalqaro sanksiyalar sharoitida ushbu kelishuvlarni qayta koʻrib chiqishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qurol-yarogʻ, harbiy mahsulotlar va ikki xil maqsadda foydalanilishi mumkin boʻlgan tovarlarni, jumladan, elektron va optik komponentlar, dvigatellar hamda dronlar uchun ehtiyot qismlarni eksport qilishni taqiqlagan. AQSh ham Rossiya harbiy sanoatiga yordam berishi mumkin boʻlgan texnologiyalar, dasturiy taʼminot va uskunalarni yetkazib berish hamda qayta eksport qilishga cheklovlar oʻrnatgan.
Shuningdek, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaponiya Rossiya harbiy sanoati uchun muhim hisoblangan 50 toifadagi tovarlar roʻyxatini shakllantirgan. Undan mikrosxemalar, radionavigatsiya uskunalari, kondensatorlar, optik asboblar, podshipniklar, uchish apparatlari uchun ehtiyot qismlar va sonli dasturiy boshqaruvga ega stanoklar oʻrin olgan. Gʻarb davlatlari mazkur mahsulotlar sanksiyalarga qoʻshilmagan mamlakatlar orqali Rossiyaga yetkazib berilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.






