AsosiyJAMIYAT

Onix haydovchisi ham vafot etdi: Toshkentdagi YTHda qurbonlar soni ikki nafarga yetdi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.

'Onix haydovchisi ham vafot etdi: Toshkentdagi YTHda qurbonlar soni ikki nafarga yetdi'ning rasmi

Toshkent shahrida YPX xodimlarining patrol mototsikllari va Onix avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lganlar soni ikki nafarga yetdi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi ma’lum qilishicha, to‘qnashuvdan so‘ng shifoxonaga ikki nafar patrol xizmati xodimi, bir nafar YPX inspektori hamda Onix avtomobili haydovchisi olib kelingan.

Hodisa oqibatida patrol mototsiklini boshqarib kelayotgan YPX xodimi voqea joyida vafot etgan bo‘lsa, Onix haydovchisi 27 iyul kuni shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Qolgan uch nafar jabrlangan shaxsning ahvoli yaxshilangani va ular umumiy bo‘limga o‘tkazilgani aytilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, YTH 16 iyul kuni soat 18:30 atrofida Toshkent shahridagi Do‘rmon yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda uch nafar yo‘l-patrol xizmati inspektori patrol mototsikllarida harakatlanayotgan bo‘lgan. Ular G‘azalkent ko‘chasidan chorrahaga kirib kelgan Onix avtomobili bilan to‘qnashib ketgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mazkur YTH kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani haqida taxminlar tarqalgan edi. Biroq Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu ma’lumotlarni asossiz deb atagan va tekshirilmagan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirgan.

    Boshqa yangiliklar