Bugun, 29 iyul kuni Sirdaryo viloyatida joylashgan do‘konlarda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 12:22 da 112 tizimi orqali Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Sirdaryo tumani, Yoshlik mahallasi, O‘zbekiston shoh ko‘chasida joylashgan do‘konda yong‘in chiqqanligi haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng hodisa joyiga uchta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilingan. Yong‘in soat 13:00 da to‘liq bartaraf etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida uchta do‘konning taxminan 80 kvadrat metr maydoni zararlangan. Hodisa natijasida jabrlanganlar yo‘q.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Voqea joyida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati, mas’ul xodimlar hamda tegishli xizmatlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.






