Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kredit ajratish bilan bog‘liq navbatdagi qonunbuzarlik fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, xususiy aksiyadorlik-tijorat banklaridan birining Olmazor filiali bank xizmatlari markazida faoliyat yurituvchi yurist hamda Toshkent viloyatining Yangi‘o‘l tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘zaro til biriktirgan.
Ular tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, uning nomiga 3,5 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishlarini ma’lum qilgan.
Biroq bu “xizmat” evaziga kredit mablag‘ining 12 foizi, ya’ni 420 ming AQSh dollarini talab qilishgan. Ular talab qilingan puldan 50 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
DXH fuqarolarni kundalik hayotda shu kabi qonunbuzarlik holatlariga duch kelgan taqdirda, 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Murojaat qilgan shaxsning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.






