Qoraqalpogʻistonda fermerlar va agro-tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim va koʻnikmalarini oshirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini bozorga olib chiqishga qaratilgan maxsus akselerator dasturi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Mazkur tashabbus Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi (ADFD) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qoraqalpogʻistonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Dastur Birlashgan Arab Amirliklaridagi Shoʻrlangan tuproq sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida tashkil etilmoqda.
3 avgustdan boshlanadigan oʻquv mashgʻulotlari bir oy davomida Nukus Yoshlar texnoparkida oʻtkaziladi. Unda ishtirokchilar yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar yaratish, zamonaviy biznes yuritish, mahsulotlarni tijoratlashtirish va yangi bozorlarga chiqish boʻyicha amaliy bilimlarga ega boʻladi.
Loyiha doirasida Qoraqalpogʻistondan jami 200 nafar fermer va agro-tadbirkorni qamrab olish rejalashtirilgan.
Fermerlarni qoʻllab-quvvatlash yangi bosqichga olib chiqiladi.
ICBA direktori doktor Tarifa Alzaabining taʼkidlashicha, mazkur akselerator dasturi Qoraqalpogʻistonda amalga oshirilgan loyihalar davomida toʻplangan tajriba va erishilgan natijalar asosida ishlab chiqilgan.
“Loyihalar samarasini tahlil qilish jarayonida fermerlarni qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini koʻrdik. Dastur orqali ishtirokchilar zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarni egallaydi hamda ularni oʻz faoliyatida samarali qoʻllash imkoniyatiga ega boʻladi”, — dedi u.
Uning soʻzlariga koʻra, dasturning asosiy maqsadi fermer va agro-tadbirkorlarga zarur bilim va koʻnikmalarni berish orqali ularning raqobatbardosh tadbirkor sifatida shakllanishiga yordam berishdan iborat.
“Daladan dasturxongacha” yondashuvi asosida qiymat zanjiri yaratiladi.
ICBA rahbari fermerlarni nafaqat mahsulot yetishtirish bosqichida, balki butun qiymat zanjiri boʻylab qoʻllab-quvvatlash muhim ekanini qayd etdi.
“Biz fermerlarni mahsulot yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash, bozorga chiqarish va isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan barcha jarayonlarda qoʻllab-quvvatlashga intilamiz. Bu “Farm to Fork” — “daladan dasturxongacha” yondashuvidir”, — dedi Tarifa Alzaabi.
Uning aytishicha, dastur doirasida fermerlarga urugʻ ekish va tuproqni tayyorlashdan boshlab, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash hamda sotuv bozorlarini topishgacha boʻlgan jarayonlar boʻyicha bilimlar beriladi.
Shoʻrga chidamli ekinlar yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tarifa Alzaabi Qoraqalpogʻiston sharoitida iqlimga moslashgan va chidamli ekinlarni yetishtirish muhim yoʻnalishlardan biri ekanini taʼkidladi.
“Orol dengizi inqirozi va iqlim oʻzgarishi sharoitida iqlimga chidamli ekinlarga alohida eʼtibor qaratish zarur. Biz Qoraqalpogʻiston fermerlariga qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli ekinlarni joriy etdik. Bu suv va boshqa tabiiy resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi”, — dedi ICBA direktori.
Uning qayd etishicha, bunday ekinlar nafaqat qishloq xoʻjaligi samaradorligini oshiradi, balki hudud ekotizimi uchun ham qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Akselerator dasturi yakunida yaratilgan mahsulotlarni bozorga olib chiqish, ularni tijoratlashtirish va qoʻshimcha qiymat zanjirini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Tashkilotchilar mazkur tashabbus Qoraqalpogʻistonda innovatsion va barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, fermerlar hamda agro-tadbirkorlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishini bildirgan.






