Janubiy Koreyaning mashhur K-pop guruhi "BTS" 2027 yilgi "Grammy" musiqa mukofotlariga o‘z ijodini taqdim etmaslikka qaror qildi. Bu haqda guruhning yetti nafar a’zosi Instagram sahifalari orqali bir vaqtning o‘zida ma’lum qildi.
Bayonotda qayd etilishicha, guruh bu yilgi mukofot uchun nomzod bo‘lmaslik haqida ongli qaror qabul qilgan. Unga ko‘ra, musiqa til, millat yoki mintaqaga qarab emas, balki san’at sifatiga ko‘ra baholanishi lozim.
"Arirang" albomi yilning eng muvaffaqiyatli musiqiy loyihalaridan biri sifatida e’tirof etilgan, "Swim" qo‘shig‘i esa AQSh musiqa chartlarida yuqori o‘rinlarni egallagani bois guruhning "Yil albomi" va "Yil qo‘shig‘i" kabi asosiy nominatsiyalarda ishtirok etishi kutilgan edi.
Biroq yaqinda Recording Academy tomonidan ta’sis etilgan "Eng yaxshi Osiyo pop ijrosi" nominatsiyasi atrofida yuzaga kelgan bahslar vaziyatga ta’sir qildi.
Mazkur nominatsiya qoidalariga muvofiq, unda ishtirok etadigan qo‘shiqlarda Osiyo tillaridan mazmunli darajada foydalanilgan bo‘lishi shart. "Arirang" qo‘shig‘i matnining 80 foizdan ortig‘i ingliz tilida ijro etilgani sababli u ushbu toifa talablariga javob bermagan.
Yangi nominatsiyaning joriy etilishi K-pop muxlislari o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab muxlislar "Grammy"ni osiyolik ijodkorlarni yetarlicha e’tirof etmayotganlikda tanqid qildi.
"BTS" esa o‘z bayonotida musiqa hech qanday til yoki geografik chegaralarga bog‘liq bo‘lmasligi, u avvalo san’at sifatida qadrlanishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.
Guruh bayonoti so‘ngida muxlislariga ham alohida minnatdorlik izhor etdi.
"Army va bizga doimo ishongan hamda qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha muxlislarga rahmat", deyiladi murojaatda.
Ayni paytda "Grammy" mukofotini tashkil etuvchi Recording Academy mazkur qaror yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan.






