Gonkong sudi turar joy majmuasidagi sobiq qo‘riqchini mushukni plastik paketga solib, axlat qutisiga tashlagani uchun hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish aybi bilan 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Sud uning harakati hayvonning chiqindixonada nobud bo‘lishiga sabab bo‘lgan, degan xulosaga keldi.
Ma’lum bo‘lishicha, 62 yoshli Chou Ving-lok o‘tgan yil 6 avgust kuni Gonkongning Ngau Tau Kok hududida joylashgan Li Ki binosida tungi navbatchi sifatida ishlagan. O‘sha kuni bino aholisidan biri xonadonga kirib qolgan mushuk haqida xavfsizlik xizmatiga murojaat qilgan.
Tergov davomida o‘rganilgan kuzatuv kameralari yozuvlarida qo‘riqchi qora plastik paket bilan xonadonga kirib, oradan ko‘p o‘tmay tugilgan paketni ko‘tarib chiqqani aks etgan. Keyinchalik u paketni axlat qutisiga tashlagani ma’lum bo‘lgan. Axlat olib ketilgani sababli mushukni topishning iloji bo‘lmagan.
Chou Ving-lok politsiyaga mushukni topgan vaqtida u harakatsiz yotganini aytgan. Biroq sud uning hayvonning ahvolini tekshirmagani, egasini aniqlashga urinmagani va mushukni shoshilinch ravishda chiqindi sifatida tashlab yuborganini og‘ir e’tiborsizlik sifatida baholadi.
Sudya hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat jamiyat tomonidan mutlaqo qabul qilinmasligini ta’kidlab, ayblanuvchiga 4 oylik qamoq jazosi tayinladi.






