Kecha, 29 iyul kuni Turkiyaning Mug‘la, Antaliya, Balikesir va Chanoqqal’a viloyatlarida bir vaqtning o‘zida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari oqibatida yuzlab fuqarolar evakuatsiya qilindi, avtomobil yo‘llari yopildi va bir qator ijtimoiy obyektlardan odamlar xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Mug‘la viloyatining Seydikemer tumanida qishloq xo‘jaligi yerlarida boshlangan yong‘in qisqa vaqt ichida o‘rmon hududiga tarqalgan. Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘inni bartaraf etish ishlariga 835 nafar qutqaruvchi, 5 ta samolyot, 18 ta vertolyot, 93 ta yong‘in o‘chirish texnikasi hamda boshqa maxsus vositalar jalb qilingan.
Yong‘in xavfi tufayli 121 ta xonadonda yashovchi 202 nafar fuqaro hamda Seydikemer davlat shifoxonasi evakuatsiya qilindi. Shifoxonada davolanayotgan 45 nafar bemor Fethiya shahridagi tibbiyot muassasalariga ko‘chirildi. Shuningdek, hududda elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi, Seydikemer–Antaliya avtomobil yo‘li esa transport harakati uchun yopildi.
Balikesir viloyatining Edremit tumanidagi Altinoluk mahallasida, qadimiy Antandros shahri yaqinida chiqqan yong‘in aholi yashash punktlariga yaqinlashgan. Shu sababli ayrim yozgi uylardan aholi ehtiyot chorasi sifatida evakuatsiya qilinmoqda. Shuningdek, Ayvalik va Havran tumanlarida ham yangi yong‘inlar qayd etilgan.
Antaliya viloyatining Kumluja tumanidagi Yazir mahallasida yuzaga kelgan yong‘in kuchli shamol ta’sirida tez tarqalgan. Natijada Antaliya–Kumluja yo‘nalishidagi D-400 avtomobil yo‘li ikki tomonlama yopilgan. Mahalliy hokim Bahodir Güneşning ma’lum qilishicha, mahalladagi aholi bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirilmoqda. Sayyohlar ham jandarmariya kuzatuvida evakuatsiya qilingan.
Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi Antaliya viloyatining Kash hamda Aydin viloyatining Nazilli tumanidagi yong‘inlar nazorat ostiga olinayotganini ma’lum qildi. Biroq Mug‘laning Seydikemer, Antaliyaning Kumluja, Balikesirning Edremit va Gömech tumanlarida yong‘inlarni o‘chirish ishlari hali ham davom etmoqda.
Shuningdek, Chanoqqal’a viloyatining Ayvajik tumani va viloyat markaziga yaqin Sarizhaeli qishlog‘ida ham o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lgan. Ayvajikda yong‘inni o‘chirish ishlariga 5 ta vertolyot va o‘nlab maxsus texnikalar jalb etilgan. Sarizhaeli qishlog‘ida esa yong‘in xavfi sabab xususiy qariyalar parvarish markazi to‘liq evakuatsiya qilingan.






