Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Mudofaa vazirligi hamda Qurolli kuchlar qo‘mondonligi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Rossiyaning havo hujumlari, front chizig‘idagi vaziyat va dengiz eksport yo‘lagi faoliyatini muhokama qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Prezidentning bildirishicha, yig‘ilishda Ukraina Qurolli kuchlari va harbiy rahbariyati vakillari Mixaylo Drapatiy, Igor Skibyuk, Yevgeniy Xmara hamda Pavlo Palisa hisobot bergan.
Zelenskiyga ko‘ra, yig‘ilishda Rossiyaning ballistik raketa zarbalari taktikasi, unga qarshi harbiy va diplomatik choralar, shuningdek, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan texnik va asimmetrik yechimlar muhokama qilingan.
“Biz Rossiyaning ballistik raketa zarbalari taktikasiga qarshi qo‘llaniladigan yechimlar va asimmetrik choralarni belgilab oldik”, dedi Ukraina rahbari.
Shuningdek, front chizig‘idagi vaziyat, xususan, Slavyansk va Kostyantinovka yo‘nalishlaridagi holat, dengiz eksport yo‘lagining ishlashi hamda uning keyingi faoliyatiga oid rejalar ko‘rib chiqilgan.
Vladimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina armiyasi Rossiya nazorati ostidagi hududlarda, jumladan, Qrim yarimorolida joylashgan Rossiya harbiy kuchlari va ob’ektlariga qarshi o‘rta masofali zarbalar berish bo‘yicha operatsiyalarni davom ettirmoqda.
“Biz aniq zarbalar beriladigan eng ustuvor nishonlar ro‘yxatini yangiladik”, dedi u.
Prezidentning ma’lum qilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyga mintaqa davlatlari harbiy rahbariyati bilan muvofiqlashtirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Bundan tashqari, Ukraina Mudofaa vazirligi va Prezident devoni vakillaridan iborat ishchi guruhlar Yevropa davlatlari bilan hamkorlikda havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa yetkazib berish jarayonini jadallashtirish ustida ish olib bormoqda.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi frontdagi vaziyatni yanada aniq baholash, o‘zgarishlarga tezkor munosabat bildirish va brigadalarning jangovar imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlarni ham tayyorlamoqda.
Yakunda Ukraina Prezidenti mamlakat pozitsiyalarini himoya qilayotgan harbiylarga minnatdorlik bildirib, ular Rossiya armiyasining qo‘yilgan maqsadlarga erishishiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.






