AsosiyDUNYO

Keniyadagi mashhur milliy bog'da 15 ta fil sirli ravishda nobud bo'ldi.

Dastlabki laboratoriya tahlillarida fillardan olingan namunalarda “ehtimoliy zaharli modda” izlari aniqlangan.

'Keniyadagi mashhur milliy bog'da 15 ta fil sirli ravishda nobud bo'ldi.'ning rasmi

Keniyaning dunyoga mashhur Amboseli milliy bog‘ida so‘nggi bir oy ichida 15 ta filning sirli tarzda nobud bo‘lishi ortidan mutaxassislar ehtimoliy zaharlanish holatini tekshirishga kirishdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lgan fillarning 10 tasida o‘limidan avval qisman falajlanish alomatlari kuzatilgan. Qolgan beshta filning jasadi esa qattiq chirigani yoki yovvoyi hayvonlar tomonidan shikastlangani sababli ularning aniq o‘lim sababini belgilash imkoni bo‘lmagan.

Qayd etilishicha, nobud bo‘lgan hayvonlarning aksariyati urg‘ochi fillar va ularning bolalari bo‘lgan. Ular orasida atigi bitta erkak fil qayd etilgan. Holatlar Amboseli milliy bog‘iga tutash Kimana qo‘riqxonasi hamda Kuku ranchosi hududida ro‘y bergan.

Dastlabki laboratoriya tahlillarida fillardan olingan namunalarda “ehtimoliy zaharli modda” izlari aniqlangan. Biroq davlat laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlarda hozirgacha ma’lum bo‘lgan zaharli moddalar bo‘yicha ijobiy natija qayd etilmagan.

Keniya Yovvoyi tabiat xizmati mutaxassislari fillar umumiy manbadan zaharlangan yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida atrof-muhitni ham o‘rganmoqda. Xususan, suv manbalari, tuproq va boshqa ehtimoliy ifloslantiruvchi omillar tekshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Keniyada avval ham brakonerlik hamda inson va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi mojarolar oqibatida fillarni qasddan zaharlash holatlari kuzatilgan.

Rasmiylar hozircha ushbu hodisa insonlar salomatligi uchun xavf tug‘dirayotganini tasdiqlovchi dalillar mavjud emasligini bildirib, aholini xavotirga tushmaslikka chaqirdi.

Ma’lumot uchun, Amboseli milliy bog‘i ulkan fillar podasi va Kilimanjaro tog‘i manzarasi bilan mashhur sayyohlik maskanlaridan biri hisoblanadi. Mutaxassislar hisobicha, bog‘ hududida qariyb ikki ming bosh fil yashaydi.

    Boshqa yangiliklar