O'zbekistonda davlat byudjeti mablag'larini rejalashtirish va sarflash tartibiga yangi talablar kiritildi. Endi asossiz yoki samaradorligi past deb topilgan byudjet xarajatlari qayta ko'rib chiqilib, qisqartirilishi mumkin. Bu Adliya vazirligi tomonidan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan 3558-5-sonli hujjatda belgilangan.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish qoidalariga kiritilgan o'zgartishlarni davlat ro'yxatidan o'tkazgan.
Yangi tartibga muvofiq, byudjet so'rovlarida asossiz yoki samaradorligi past deb baholangan xarajatlar qayta ko'rib chiqiladi. Bunday holatda byudjet mablag'larini taqsimlovchi tashkilotlar tegishli bildirnoma olinganidan so'ng uch ish kuni ichida yangilangan byudjet so'rovini taqdim etishi shart.
Shuningdek, byudjet mablag'larini taqsimlovchi tashkilotlarning rivojlantirish dasturlari endi kamida uch yillik muddatga ishlab chiqiladi. Ularda erishilishi lozim bo'lgan aniq natija ko'rsatkichlari hamda kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlik belgilanishi nazarda tutilgan.
O'zgartirishlarga ko'ra, mahalliy byudjetlarni rejalashtirish jarayonida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari ham kengaytirildi. Ular daromadlar prognozi, xarajatlar hajmi va byudjetlararo transfertlar bo'yicha takliflarni shakllantirishda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarga byudjet ssudasi ajratish haqidagi talabnomalar besh ish kuni ichida ko'rib chiqiladi. Qabul qilingan qaror esa arizachiga bir ish kuni ichida yetkaziladi.
Adliya vazirligiga ko'ra, mazkur o'zgartishlar davlat byudjeti mablag'laridan yanada maqsadli va samarali foydalanishni ta'minlash, shuningdek, davlat moliyasi barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan.






