AsosiyJAMIYAT

Qirol Genrix VIII o‘limini bashorat qilgan ayol qanday qatl etilgan?

Elizabet Barton qirol o‘z qaroridan voz kechmasa, uni Xudoning g‘azabi kutayotgani va hukmronligi uzoq davom etmasligini bashorat qildi.

'Qirol Genrix VIII o‘limini bashorat qilgan ayol qanday qatl etilgan?'ning rasmi

XVI asr Angliyasida yashagan Elizabet Barton oddiy uy xizmatkoridan mamlakatdagi eng mashhur diniy shaxslardan biriga aylandi. Og'ir kasallikdan so'ng u diniy vahiylar ko'rayotganini da'vo qildi va ko'p o'tmay "Kentning muqaddas xizmatkori" nomi bilan tanildi. Uning aytganlari xalq orasida keng tarqaldi, hatto nufuzli ruhoniylar, zodagonlar va qirol Genrix VIII saroyida ham jiddiy qabul qilindi.

Bartonning obro'si Angliyada katoliklar va protestantlar o'rtasidagi diniy qarama-qarshiliklar kuchaygan davrga to'g'ri keldi. U qirol Genrix VIIIning qirolicha Yekaterina Aragonlik bilan nikohini bekor qilishi va Angliya cherkovini Rim papasi hokimiyatidan ajratish qarorini keskin tanqid qildi.

Elizabet Barton qirol o'z qaroridan voz kechmasa, uni Xudoning g'azabi kutayotgani va hukmronligi uzoq davom etmasligini bashorat qildi. Bu gaplar hokimiyat tomonidan oddiy diniy fikr emas, balki davlatga qarshi chaqiriq sifatida baholandi.

1534 yilda u davlatga xiyonat qilishda ayblanib hibsga olindi. Parlament tomonidan qabul qilingan maxsus hujjat asosida aybdor deb topilgan Barton o'sha yilning 21 aprel kuni Londondagi Taybernda dorga osish orqali qatl etildi. Qatldan avval esa u omma oldida o'z bashoratlari haqidagi gaplaridan voz kechishga majbur qilingan.

Elizabet Bartonning taqdiri Tyudorlar davrida din va siyosatning bir-biri bilan qanchalik chambarchas bog'liq bo'lganini namoyon etuvchi eng mashhur voqealardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ham tarixchilar uning haqiqatan diniy vahiylarga ishongan shaxs bo'lgani yoki Genrix VIII olib borgan siyosatning qurboniga aylangani haqida turli qarashlarni ilgari surmoqda.

    Boshqa yangiliklar