AsosiyDUNYO

AQSh ayrim xorijliklar uchun viza olishda 20 ming dollargacha garov talab qiladi

Davlatlar ro‘yxatiga jami 50 ta mamlakat kiritilgan bo‘lib, ro‘yxatda Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlar ham bor. O‘zbekiston esa mazkur ro‘yxatga kiritilmagan.

'AQSh ayrim xorijliklar uchun viza olishda 20 ming dollargacha garov talab qiladi'ning rasmi

AQSh 3 avgustdan boshlab ayrim xorijiy fuqarolar uchun turistik va biznes vizalariga ariza topshirish jarayonida 20 ming dollargacha miqdorda garov talab qilish tizimini doimiy ravishda qo‘llashni boshlaydi.

AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu talab mamlakatda bo‘lish muddatini buzish xavfi yuqori deb baholangan davlat fuqarolariga nisbatan qo‘llanadi.

Avvalroq, 2025 yil avgust oyida AQSh vizasiz qolish holatlarining oldini olish maqsadida tajriba tariqasida garov dasturini ishga tushirgan edi. Ushbu dastur doirasida konsullik xodimlari arizachidan 5 ming, 10 ming yoki 15 ming dollar miqdorida garov talab qilishi mumkin bo‘lgan. Garov mablag‘i esa shaxs AQSh hududini belgilangan tartibda tark etganidan so‘ng qaytarilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, B-1 (biznes) va B-2 (turistik) vizalarini olish uchun murojaat qilgan ayrim xorijliklardan mamlakatdagi immigratsiya qoidalariga rioya qilish va belgilangan muddatda chiqib ketish kafolati sifatida garov qo‘yish talab qilinishi mumkin.

Davlat departamenti ma’lum qilishicha, konsullik xodimlari o‘z qaroriga ko‘ra viza berish sharti sifatida 20 ming dollargacha bo‘lgan garovni belgilashi mumkin.

Garov talab qilinishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga jami 50 ta mamlakat kiritilgan. Ularning 30 tasi Afrika davlatlari bo‘lib, ro‘yxatda Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlar ham bor.

O‘zbekiston fuqarolari esa mazkur ro‘yxatga kiritilmagan.

    Boshqa yangiliklar

    AQSh ayrim xorijliklar uchun viza olishda 20 ming dollargacha garov talab qiladi - Darakchi.uz