O‘zbekistonda saqlanadigan va ko‘paytiriladigan hayvonlarni majburiy identifikatsiya qilish hamda ro‘yxatga olish tartibi joriy etilmoqda.
2025-yil 6-avgustda qabul qilingan "Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, 7-avgustdan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli hayvonlar belgilangan tartibda hisobga olinishi kerak bo‘ladi.
Mazkur sohada vakolatli davlat organi sifatida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi belgilangan.
Qonunga ko‘ra, hayvonlarni ro‘yxatga olish muddatlari quyidagicha belgilangan:
— qoramol, qo‘y, echki va tuyalar — tug‘ilganidan 14 kun o‘tgach;
— otlar — tug‘ilganidan 4 oy o‘tgach;
— cho‘chqalar — tug‘ilganidan 1 oy o‘tgach;
— it va mushuklar — tug‘ilganidan 3 oy o‘tgach.
Belgilangan muddatlar tugaganidan keyin hayvonlar 1 oydan kechiktirilmasdan identifikatsiya qilinishi va ro‘yxatga olinishi lozim.
Shuningdek, O‘zbekistonga saqlash yoki ko‘paytirish maqsadida olib kirilgan hayvonlar ham 21 kun ichida hisobga qo‘yilishi kerak bo‘ladi. Hayvonlar nobud bo‘lgan, so‘yilgan yoki mamlakat tashqarisiga olib chiqilgan taqdirda, ular 7 kun ichida ro‘yxatdan chiqariladi.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish va kuzatish ishlari egalar mablag‘lari, homiylik mablag‘lari, davlat byudjeti hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Qonun talablariga ko‘ra, hayvon egalari o‘z hayvonlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi, ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda vakolatli organga xabar berishi hamda identifikatsiya qilinmagan hayvonlarni saqlash yoki ko‘paytirishga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi tartib hayvonlarni hisobini yuritish, veterinariya nazoratini kuchaytirish va chorvachilik sohasida samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.






