AsosiyJAMIYAT

AES va radiatsiya manbalari bilan ishlashda yangi qoidalar joriy qilinadi

Yangi tartib 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Amaldagi litsenziya asosida ishlayotgan tashkilotlar esa 2027 yil 1 dekabrga qadar yangi talablarga muvofiq litsenziya olishi kerak bo'ladi.

'AES va radiatsiya manbalari bilan ishlashda yangi qoidalar joriy qilinadi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasi atom energiyasidan foydalanish hamda ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalashning yangi tartibini tasdiqladi.

30 iyul kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, yangi nizom atom energiyasi obyektlari, radioaktiv moddalar va yadroviy materiallar bilan ishlash, ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini ishlab chiqarish, saqlash, tashish va ulardan foydalanish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Yangi tartib 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Amaldagi litsenziya asosida ishlayotgan tashkilotlar esa 2027 yil 1 dekabrgacha yangi talablarga muvofiq litsenziya olishi kerak bo‘ladi. Belgilangan muddatda qayta rasmiylashtirilmagan litsenziyalar o‘z kuchini yo‘qotadi.

Hujjatda litsenziya olish uchun radiatsiya xavfsizligi, xodimlar malakasi, texnik jihozlar va boshqa zarur talablar belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga tegishli idoralar bilan birgalikda me’yoriy hujjatlarni yangi tartibga moslashtirish vazifasi yuklatildi.

Ma’lumot uchun, yaqinda O‘zbekiston va Rossiya tomonlari Jizzax viloyatida qurilayotgan atom elektr stansiyasi hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish masalasini muhokama qilgan edi.

    Boshqa yangiliklar