AsosiyDUNYO

Rossiyada general ishtirok etgan tadbirda portlash sodir bo‘ldi

Hodisa oqibatida ayol, qo‘riqchi va yana bir tashrifchi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohat olgan.

'Rossiyada general ishtirok etgan tadbirda portlash sodir bo‘ldi'ning rasmi

Moskva markazidagi “Balzi Rossi” restoranida 1 avgust kuni portlash sodir bo‘ldi. Rossiya rasmiylari hodisani terrorchilik harakati sifatida baholamoqda. Portlash Stalin davrida qurilgan binoda joylashgan restoranda yuz bergan.

Meduza ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni restoranda yopiq tadbir o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Ayrim manbalar u yerda 50 kishilik to‘y, boshqalari esa generalning tug‘ilgan kuni nishonlanayotganini yozgan.

Dastlab portlashga gaz uskunalaridagi nosozlik sabab bo‘lgani taxmin qilingan. Ammo keyinroq Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi restoran kirish qismida qo‘lbola portlovchi qurilma ishga tushirilganini ma’lum qildi.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, ayol kishi restoranga quti olib kirmoqchi bo‘lgan. Qo‘riqchi undan shubhalanib, qutini tekshirayotgan vaqtda qurilma masofadan turib portlatilgan. Oqibatda ayol, qo‘riqchi va yana bir tashrifchi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohat olgan.

“Kommersant” ma’lumotiga ko‘ra, portlovchi qurilma ichiga metall sharchalar joylashtirilgan bo‘lgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qutini olib kelgan ayol uning ichida portlovchi qurilma borligini bilmagan va sovg‘a deb o‘ylagan.

Hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining terrorchilik harakati haqidagi moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mahalliy OAVlar portlashning ehtimoliy nishoni Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Chayko bo‘lganini yozmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, tadbirda FSB xodimlari, mudofaa vazirligi vakillari, deputatlar hamda boshqa amaldorlar ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, Aleksandr Chayko 1971 yil 27 iyulda tug‘ilgan. U 2026 yil may oyida Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimiga tayinlangan. Ukraina va xalqaro tashkilotlar uni avvalgi lavozimi davrida Buchadagi voqealarga aloqador deb hisoblagan.

Portlashdan so‘ng politsiya hodisa joyini o‘rab olgan. Moskva rasmiylari ayrim ommaviy tadbirlar, jumladan tungi velofestival ham xavfsizlik sabab boshqa sanaga ko‘chirilganini ma’lum qilgan.

    Boshqa yangiliklar

    Rossiyada general ishtirok etgan tadbirda portlash sodir bo‘ldi - Darakchi.uz