AsosiyDUNYO

Dunyoga mashhur alpinist qor ko‘chkisi qurboni bo‘ldi

14 ta eng baland cho'qqini zabt etgan Nirmal Purja Pokistondagi qor ko'chkisida vafot etdi.

'Dunyoga mashhur alpinist qor ko‘chkisi qurboni bo‘ldi'ning rasmi

Dunyodagi eng mashhur alpinistlardan biri, sakkiz ming metrdan baland bo‘lgan barcha 14 ta cho‘qqini rekord muddatda zabt etgan Nirmal Purja Pokistondagi Broad-Pik cho‘qqisida sodir bo‘lgan qor ko‘chkisi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda uning Elite Exped kompaniyasi ma’lum qildi.

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, fojia oqibatida ekspeditsiyaning boshqa a’zolari ham halok bo‘lgan. Ular Purjani jasorati, kamtarligi va inson imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchi bilan millionlab odamlarga ilhom bergan shaxs sifatida esladi.

Nirmal Purja 2019 yilda dunyodagi sakkiz ming metrdan baland barcha 14 ta cho‘qqini atigi etti oy ichida zabt etib, jahon rekordini o‘rnatgan edi. Keyinchalik u bu yutug‘i haqida kitob yozdi, uning faoliyati asosida Netflix tomonidan "14 Peaks: Nothing Is Impossible" hujjatli filmi suratga olindi. 2024 yilda esa u barcha 14 ta cho‘qqini qo‘shimcha kislorodsiz eng tez zabt etgan alpinistga aylangan.

Purja 2026 yilda Broad-Pikka chiqishni rejalashtirmagan, ammo iyul oyi oxirida 10 nafar professional alpinistdan iborat guruhga boshchilik qilib, yangi rekord o‘rnatish maqsadida ekspeditsiyaga yo‘l olgan.

30 iyul kuni Broad-Pikda qor ko‘chkisi sodir bo‘lgan. GPS ma’lumotlariga ko‘ra, qor ko‘chgan vaqtda Purja 6660 metr balandlikda bo‘lgan va qisqa vaqt ichida yuzlab metr pastga surilib ketgan. Qutqaruv ishlaridan so‘ng Nepal bosh vaziri Balendra Shoh ham alpinist va uning ekspeditsiyasi a’zolari halok bo‘lganini tasdiqladi.

    Boshqa yangiliklar