Toshkentda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan hududlardagi mulkdorlarga kompensatsiya va ijara uchun taqdim etiladigan “kvartiralar banki” shakllantiriladi.
Bu chora shaharni 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorda belgilangan. Loyiha Tashkent Invest kompaniyasi tomonidan 2031 yil 1 yanvarga qadar tajriba tariqasida amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, “kvartiralar banki”ni to‘ldirish uchun turar va noturar joylar sotib olinadi. Ushbu uy-joylar renovatsiya hududidagi mulkdorlarga kompensatsiya sifatida, ijaraga yoki boshqa tartibda taqdim etilishi mumkin.
Shuningdek, renovatsiya doirasida ayrim davlat mulki obyektlari Tashkent Invest tasarrufiga o‘tkaziladi. Kompaniya investorlar va pudrat tashkilotlarini jalb qilgan holda yangi obyektlar qurishi yoki mavjudlarini rekonstruksiya qilib, ularni elektron auksion orqali sotishi mumkin.
Qarorda Toshkentda yirik savdo markazlarida kitob do‘konlarini tashkil etish, Suv resurslarini boshqarish markazini tuzish hamda poytaxtdagi ayrim bozor va savdo majmualarini ommaviy savdolarga chiqarish kabi choralar ham belgilangan.






