AsosiyDUNYO

AQShda davosi yo‘q xavfli virus aniqlandi

AQShning Nyu-York shtatida kana orqali yuqadigan, vaksinasi bo‘lmagan Burbon virusi bilan bog‘liq ilk holat tasdiqlandi.

'AQShda davosi yo‘q xavfli virus aniqlandi'ning rasmi

AQShning Nyu-York shtatida kana orqali yuqadigan kam uchraydigan Burbon virusi bilan kasallanishning ilk holati tasdiqlandi. Olimlar bu virus rasman qayd etilganidan ancha keng tarqalgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Bu haqda Fox News ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Long-Aylendda yashovchi bemor og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan va laboratoriya tahlillari unda Burbon virusini tasdiqlagan.

Mutaxassislar virus “yolg‘iz yulduz” kanasi orqali yuqishini, uning belgilari yuqori harorat, holsizlik, toshma, bosh va mushak og‘riqlari hamda ko‘ngil aynishini o‘z ichiga olishini bildirmoqda.

Eng xavotirlisi, hozircha Burbon virusiga qarshi na vaktsina, na maxsus davolash usuli mavjud. Shuningdek, uni aniqlaydigan keng tarqalgan diagnostik test ham yo‘qligi sababli ko‘plab holatlar rasmiy hisobga tushmay qolayotgan bo‘lishi mumkin.

Burbon virusi birinchi marta 2014 yilda AQShning Kanzas shtatida aniqlangan. Shu vaqtgacha dunyo bo‘ylab bir nechta holat rasman qayd etilgan bo‘lsa-da, olimlar haqiqiy kasallanganlar soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

    Boshqa yangiliklar

    AQShda davosi yo‘q xavfli virus aniqlandi - Darakchi.uz