AsosiyDUNYO

Turkiyada 4 yoshli bola issiq mashina ichida qolib vafot etdi

Hodisa 2 avgust kuni sodir bo‘lgan.

'Turkiyada 4 yoshli bola issiq mashina ichida qolib vafot etdi'ning rasmi

Ma'lum bo'lishicha, Muhammad Aras Temel ismli bola eshigi ochiq qolgan ota-onasiga tegishli avtomobil ichiga kirib, uxlab qolgan. Biroq oila a'zolari uning yo'qligini darhol payqamagan.

Bola topilgan vaqtda uning ahvoli og'ir bo'lib, qizib ketish oqibatida tirishish holatlari boshlangan. U zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan.

Avvaliga Muhammad Aras Mazidag'i davlat shifoxonasiga yetkazilgan. Shifokorlar unda kuchli qizib ketish oqibatida yuzaga kelgan tirishishlarni qayd etgan. Keyinroq u Mardindagi o'quv-tadqiqot shifoxonasiga o'tkazilgan, ammo tibbiyot xodimlarining barcha urinishlariga qaramay, uning hayotini saqlab qolish imkonsiz bo'lgan.

Ma'lum qilinishicha, Ekinjiler qishloq hududida yashovchi oila bolani hushsiz holatda topgan va o'zlari shifoxonaga olib borgan. Hozirda uning jasadi o'lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasiga yuborilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqea yuzasidan tergov ishlarini boshlagan.

Fojia sodir bo'lgan kuni Mardin viloyatida havo harorati 40 darajagacha ko'tarilgan. Mutaxassislarga ko'ra, quyosh ostida qolgan avtomobil ichidagi harorat bir necha daqiqa ichida xavfli darajaga yetishi mumkin. Bolalar organizmi esa kattalarga nisbatan issiqlik ta'siriga tezroq beriluvchan bo'ladi.

    Boshqa yangiliklar