AsosiyDUNYO

"Bu mintaqa tarixidagi eng og‘ir ofat". AQSHda yong‘inlar 60 ming odamni uyidan chiqardi

Vashington shtati gubernatori Bob Fergyuson favqulodda holat e’lon qildi.

'"Bu mintaqa tarixidagi eng og‘ir ofat". AQSHda yong‘inlar 60 ming odamni uyidan chiqardi'ning rasmi

AQSHning Vashington shtatida sodir bo‘layotgan kuchli o‘rmon yong‘inlari sabab 60 mingga yaqin aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Yong‘inlar yuzlab binolarni vayron qilgan, minglab odamlar elektr ta’minotisiz qolgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Nashr ma’lum qilishicha, Vashington shtatidagi Spokan shahri atrofida uchta yirik yong‘in hanuzga qadar nazorat ostiga olinmagan. Mahalliy rasmiylar alanga tarqalishi davom etayotganini va vaziyat murakkabligicha qolayotganini bildirgan.

Spokan shahri meri Liza Braun yuzaga kelgan vaziyatni mintaqa tarixidagi "eng og‘ir tabiiy ofat" deb atadi. U hozirda yetkazilgan zarar ko‘lami baholanayotganini, shuningdek, insonlar hayoti bilan bog‘liq yo‘qotishlar bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan.

Ayni paytga qadar halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Yong‘inlar kelib chiqish sabablari ham hali aniqlanmagan.

Reuters A woman dressed in black capris, grey jumper and black trousers wraps her arm around a young boy in black shorts, black top and black trainers, as both survey the damage of a burnt tree and rubble of a building

Vashington shtati Tabiiy resurslar departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni ertalab shtat hududida 16 ta yirik va hali nazoratga olinmagan o‘rmon yong‘ini qayd etilgan.

AQSH Milliy ob-havo xizmati avvalroq hududda yong‘in xavfi "o‘ta yuqori" darajaga yetgani haqida ogohlantirgan edi. Kuchli shamol va odatdagidan quruq ob-havo alanganing tez tarqalishiga sabab bo‘lgan.

Spokan shahridagi yong‘inlar oqibatida taxminan 700 ta bino, jumladan, uylar, tadbirkorlik obyektlari va boshqa inshootlar zarar ko‘rgan.

"Avista Utilities" kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni 10 mingdan ortiq iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgan. Dushanba kuniga kelib ularning yarmiga yaqinida elektr energiyasi qayta tiklangan.

Vashington shtati gubernatori Bob Fergyuson favqulodda holat e’lon qildi. U AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muloqot qilganidan so‘ng federal yordam so‘ragan.

Spokan atrofidagi "Old Trails", "Fairview" va "Autumn Lane" yong‘inlari birlashtirilib, "Spokane Complex Fires" deb nomlangan. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, kuchli shamol ta’sirida yong‘in Spokan daryosini ikki marta kesib o‘tgan.

Vashington Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor Gent Uelsh yong‘indan keyingi manzarani "urush hududi"ga o‘xshatdi. U vayronagarchilik ko‘lami unga Iroqdagi harbiy xizmati davrini eslatganini aytdi.

Reuters A woman holds her hand to her head as she looks at the rubble of a house. The bricks of the building are charred

Spokan okrugi sherifi Jon Nauels hozirda 14 nafar fuqaroning xavfsiz evakuatsiya qilinganini aniqlash uchun ular bilan bog‘lanish ishlari olib borilayotganini bildirdi.

Ayni paytda yong‘inlarni bartaraf etish ishlariga 900 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchi jalb qilingan. Yaqin kunlarda boshqa shtatlardan qo‘shimcha kuchlar kelishi kutilmoqda.

Mutasaddilar aholini yong‘in hududlari yaqinida dronlardan foydalanmaslikka chaqirmoqda. Sababi dronlar yong‘inni o‘chirish ishlariga jalb etilgan samolyot va vertolyotlar harakatiga xalal bermoqda. Yakshanba kuni dronlar sabab qutqaruv ishlari 26 marta to‘xtatilgan.

Mutaxassislar fikricha, iqlim o‘zgarishi tufayli issiq va quruq ob-havo sharoitlari ko‘payib, yirik o‘rmon yong‘inlari xavfi tobora ortib bormoqda.

    Boshqa yangiliklar