AQSh Prezidenti Donald Tramp G'azo urushiga barham berish va HAMASni qurolsizlantirishga qaratilgan kelishuvni olqishlayotgan bir paytda, hudud aholisi vaziyat yaxshilanmayotganini aytmoqda. Isroil zarbalari oqibatida bir kun ichida 18 nafar falastinlik halok bo'lgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Tramp 31 iyul kuni G'azoda tinchlik rejasini amalga oshirish bo'yicha "katta qadam" tashlanganini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, HAMAS qurolsizlanadi va Isroil qo'shinlari bosqichma-bosqich hududdan chiqariladi.
Biroq amalda vaziyat keskinligicha qolmoqda. Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats yakshanba kuni Isroil armiyasi HAMAS qurolsizlanmaguncha va yer osti tunnellari yo'q qilinmaguncha G'azodan chiqmasligini bildirdi.

HAMAS esa kelishuvning qurol masalasiga oid qismi amalga oshirilishidan oldin Isroil hujumlarni to'xtatishi kerakligini talab qilmoqda.
Trampning tinchlik kelishuvini nazorat qiluvchi "Tinchlik kengashi" vakili Nikolay Mladenov dushanba kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamda boshqa rasmiylar bilan uchrashgan. Kengash ma'lum qilishicha, asosiy maqsad G'azodagi barcha qurollarni yo'q qilish va hudud boshqaruvini qurolli guruhlardan fuqarolik boshqaruviga o'tkazishdan iborat.
Shu bilan birga, falastinlik rasmiylar kelishuv muhokamalarida faqat qurolsizlanish masalasiga urg'u berilayotgani, ammo o't ochishni to'xtatish va G'azoga qarshi hujumlarni bas qilish kabi bandlar e'tibordan chetda qolayotganidan xavotir bildirgan.
G'azoda esa odamlar tinchlik umidi so'nayotganini aytmoqda. Hududning katta qismi Isroil harbiy amaliyotlari oqibatida G'azo shahrida yashovchi 32 yoshli Oya Muhammad Zakki Reuters agentligiga telefon orqali bergan intervyusida so'nggi kunlardagi hujumlarni tasvirlab, "Go'yo urush yana boshlanganday edi. Har bir soat yoki undan ham qisqa vaqt ichida hujumlar bo'ldi", degan.

Ma'lumotlarga ko'ra, yakshanba kuni halok bo'lganlar orasida G'azo shahridagi xonadonga berilgan zarba oqibatida vafot etgan er-xotin va ularning farzandi ham bor. Isroil armiyasi mazkur hujumlarda harbiy ob'ektlar nishonga olinganini bildirgan.
Misr, Qatar va Turkiya vositachilari esa davom etayotgan hujumlarni qoralab, bu holat kelishuv shartlariga zid ekanini ta'kidlagan.
Ayni paytda Isroil G'azo hududining 60-70 foizini nazorat qilayotganini ma'lum qilgan. Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats bu hududlarda harbiylar HAMAS tunnellarini qidirayotganini aytgan.
G'azo aholisi esa yana ko'chirilish xavfidan qo'rqmoqda. 60 yoshli Sumah Davla yashaydigan hudud yaqinida Isroil tomonidan belgilangan "sariq chiziq" kengayganini aytgan. "Biz istalgan vaqtda ko'chirilishni kutib turibmiz. Butun hayotimiz yo'qoldi, kelajagimiz yo'qoldi, farzandlarimizning kelajagi yo'qoldi", degan u. Davlat oilasi kabi G'azodagi millionlab odamlar urush boshlanganidan beri bir necha marta uy-joyini tashlab ketishga majbur bo'lgan.
Falastinliklar Trampning tinchlik rejasi e'lonidan keyin vaziyat o'zgarishiga umid qilgan, ammo ularning so'zlariga ko'ra, aksincha, vayrongarchilik va ko'chirishlar yanada kuchaygan.
G'azo sog'liqni saqlash idoralari ma'lumotiga ko'ra, oktyabr oyida kelishuv bo'yicha reja ilgari surilganidan beri Isroil zarbalari oqibatida kamida 1230 nafar falastinlik halok bo'lgan. Ularning aksariyati tinch aholi vakillaridir.
Isroil rasmiylari esa shu davrda to'rt nafar harbiy halok bo'lganini bildirgan. Hozircha tomonlar o'rtasidagi kelishuvning keyingi bosqichi bo'yicha muzokaralar davom etmoqda, ammo G'azoda yashayotgan fuqarolar uchun urush oqibatlari hanuz bartaraf etilgani yo'q.






