Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida erkak turmush o'rtog'ini kaltaklab, unga tan jarohati yetkazdi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, voqea Qarshi shahridagi "Cho'lquvar" mahallasida sodir bo'lgan. U yerda vaqtincha istiqomat qiluvchi er-xotin — G.V. va X.K. qonuniy nikoh asosida yashab kelgan.
Qayd etilishicha, oilada avvaldan muntazam ravishda kelishmovchiliklar yuzaga kelib turgan. Shu sababli mahallaning "ettiligi" tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida profilaktik choralar ko'rilgan.
Jumladan, ayolga nisbatan himoya orderi rasmiylashtirilgan va oila yashaydigan xonadonga pultli qo'riqlash signalizatsiyasi o'rnatilgan.
Biroq ko'rilgan choralarga qaramay, 26 iyun kuni soat taxminan 23:00 atrofida er-xotin o'rtasida yana janjal chiqqan. Oqibatda erkak turmush o'rtog'ini urib, unga tan jarohati yetkazgan.






