Majlisda deputatlar “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilib, qabul qildi.
Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga voyaga etmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilgan, odam halok bo‘lgan yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuzaga kelgan hollarda avtomobilni topshirgan shaxsning jinoiy javobgarligini belgilashga doir norma kiritilishi taklif qilinmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunga ham qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda voyaga etmaganlarga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari o‘rtasida noqonuniy poygalar tashkil etish va ularda ishtirok etish, yuk avtomobillarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavf tug‘diradigan tarzda yo‘l chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish hamda belgilangan tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirish uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik choralarini belgilash taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, ma’muriy jazoning yangi turi sifatida avtomototransport vositasini olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yish chorasini joriy etish nazarda tutilgan. Ushbu jazo yo‘l bezoriligi, noqonuniy poyga tashkil etish, transport vositasini mast holatda boshqarish yoki mastlik holatini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortish kabi huquqbuzarliklar haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan yoki bunday huquqdan mahrum qilingan shaxslar tomonidan sodir etilganda qo‘llanilishi taklif etilmoqda. Bu chora qonunda belgilangan hollarda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudlari tomonidan qo‘llanadi.
Qonun loyihasida, shuningdek, transport vositasini mast holatda boshqarish yoki tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortish uchun belgilangan jazo choralarini takomillashtirish, ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda esa jarimani chegirma asosida to‘lash imkoniyatini ma’lum muddatga cheklash ham nazarda tutilgan.
Deputatlar ta’kidlashicha, qonun loyihasining asosiy maqsadi jazolarni og‘irlashtirish emas, balki xavfli huquqbuzarliklarning oldini olish, haydovchilarning mas’uliyatini oshirish va yo‘llarda inson hayoti hamda xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida 2010 yilda tug‘ilgan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov haydovchilik guvohnomasisiz BMW M4 rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgan edi.
Inspektor uch kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lganiga qaramay vafot etdi. Keyinchalik uning oilasi davlat muhofazasiga olindi.
Mart oyida Doniyor Turg‘unov qamoqqa olindi. U Jinoyat kodeksining 267-moddasi birinchi qismi va 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanuvchi sifatida ishga jalb etildi. Ayni paytda mazkur jinoyat ishi yuzasidan sud muhokamasi davom etmoqda. Ish voyaga etmagan shaxs ishtirokida bo‘lgani bois sud majlislari yopiq tartibda o‘tkazilmoqda.






