AsosiyJAMIYAT

Pezeshkiyon iste'fosi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Pezeshkiyon televidenie orqali murojaatida lavozimini tark etish niyati yo‘qligini bildirgan.

'Pezeshkiyon iste'fosi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi'ning rasmi

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘zining iste’foga chiqishi haqida ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarni rad etdi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.

Pezeshkiyon televideniye orqali murojaatida lavozimini tark etish niyati yo‘qligini bildirgan. 

“Agar iste’foga chiqmoqchi bo‘lsam, buni ochiq e’lon qilardim. Men iste’foga chiqmayman va kurashni davom ettiraman”, degan Eron Prezidenti.

Shuningdek, u oliy rahbar Mojtaba Xomanaiy hamda mamlakat qurolli kuchlari bilan o‘rtasida kelishmovchilik mavjudligi haqidagi da’volarni ham inkor etdi.

“Barcha davlat tuzilmalari to‘liq hamjihatlikda faoliyat yuritmoqda. Har qanday kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda ham, qurolli kuchlar Xomanaiy tomonida bo‘lishini hamma yaxshi biladi”, degan Pezeshkiyon. 

Avvalroq Eron muxolifatiga yaqin ayrim ommaviy axborot vositalari Pezeshkiyon bir necha bor iste’fo berish haqida ariza yozganini da’vo qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlik joriy yilning fevral oyida Vashington va Isroil Tehronga qarshi qo‘shma harbiy amaliyot boshlaganidan keyin yanada kuchaygan. Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazidagi AQSh harbiy obyektlari joylashgan hududlarga dron va raketalar bilan zarbalar yo‘llagan.

Aprel oyida ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Keyinchalik iyun oyida Pokiston vositachiligida harbiy mojaroni tugatish va barqaror tinchlikka erishishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolangan.

Biroq iyul oyida ushbu kelishuv barbod bo‘lib, tomonlar qariyb ikki hafta davomida o‘zaro zarbalar almashdi. Keyinroq AQSh Prezidenti Donald Tramp muzokaralar boshlanganini ma’lum qilib, bombardimonlar to‘xtatilganini e’lon qildi.

    Boshqa yangiliklar