AsosiyJAMIYAT

Mashhur alpinist Nirmal Purja qanday halok bo‘ldi?

Fojia Broud-Pikka yo‘l olgan 10 kishilik xalqaro ekspeditsiya vaqtida yuz bergan.

'Mashhur alpinist Nirmal Purja qanday halok bo‘ldi?'ning rasmi

Dunyo alpinizmi og‘ir yo‘qotishga uchradi. Pokistonning Qoraqurum tog‘ tizmasida joylashgan Broud-Pik cho‘qqisida sodir bo‘lgan qor ko‘chkisi oqibatida mashhur britaniyalik-nepallik alpinist Nirmal Purja va yana besh nafar nepallik tog‘ yo‘lboshchisi halok bo‘ldi.

Fojia Broud-Pikka yo‘l olgan 10 kishilik xalqaro ekspeditsiya vaqtida yuz bergan. Ekspeditsiyaga 43 yoshli Nirmal Purja rahbarlik qilayotgan edi. U qor ko‘chkisi ostida qolib, hayotdan ko‘z yumdi.

Nirmal Purja zamonaviy alpinizm tarixidagi eng mashhur shaxslardan biri sanaladi. U dunyodagi balandligi 8 ming metrdan oshadigan barcha 14 ta cho‘qqini atigi olti oydan biroz ko‘proq vaqt ichida zabt etib, jahon rekordini o‘rnatgan edi. Shuningdek, u K2 cho‘qqisini qish mavsumida birinchi bo‘lib zabt etgan nepalliklar jamoasiga ham boshchilik qilgan.

Getty Images Mourners and students light candles to offer their condolences after the death of mountaineer Nirmal Purja and his companions in an avalanche in Pakistan

Qor ko‘chkisi qurbonlari orasida tajribali sherpalar — Kili Pemba Sherpa, Pur Bahodur Gurung, Gyaljen Sherpa, Nima Sherpa va Navang Txindu Sherpa ham bor.

Kili Pemba Sherpa yaqindagina dunyodagi barcha 14 ta sakkiz minglik cho‘qqini muvaffaqiyatli zabt etib, alpinizmdagi eng nufuzli yutuqlardan biriga erishgan edi. U Everest cho‘qqisiga 15 marta chiqqan bo‘lib, ikki marta ikki oyog‘idan mahrum bo‘lgan alpinistlarni cho‘qqiga olib chiqqan.

Pur Bahodur Gurung esa dunyodagi 14 ta eng baland cho‘qqidan 12 tasini zabt etgan hamda Xalqaro tog‘ yo‘lboshchilari federatsiyasi (IFMGA) sertifikatiga ega bo‘lgan sanoqli nepallik gidlardan biri edi. U 2024-yilda Everestda 1924 yilda bedarak yo‘qolgan britaniyalik alpinist Endryu Irvinga tegishli deb taxmin qilinayotgan etikni topgan ekspeditsiya tarkibida ham ishtirok etgan.

Getty Images Horseman on Godwin-Austen glacier, returning from K2 base camp to Concordia, northern Pakistan

Gyaljen Sherpa Kanchenjanga cho‘qqisini bir mavsumda uch marta zabt etgani bilan tanilgan. Nima Sherpa esa 2026 yilning o‘zida to‘rtta sakkiz minglik cho‘qqiga chiqqan. Navang Txindu Sherpa esa Nepalning istiqbolli yosh tog‘ yo‘lboshchilaridan biri sifatida e’tirof etilardi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Nirmal Purjaning faoliyati Pokistondagi Qoraqurum tog‘lariga xalqaro alpinistlar qiziqishining ortishida muhim o‘rin tutgan. Uning rekordlari va faoliyati haqida suratga olingan hujjatli film orqali minglab alpinistlar mazkur hudud haqida bilib, ekspeditsiyalarga qiziqish bildirgan.

Ekspertlar Broud-Pikdagi halokat butun dunyo alpinizm hamjamiyati uchun katta yo‘qotish ekanini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, halok bo‘lgan sherpalar nafaqat mijozlarni cho‘qqiga yetaklagan yo‘lboshchilar, balki zamonaviy alpinizm rivojiga katta hissa qo‘shgan professional sportchilar ham edi.

    Boshqa yangiliklar