Toshkent shahrida Xitoydan olib kelingan 21 tonnadan ortiq qalbaki dori vositasining mamlakatga kiritilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmat rahbari Husan Tangriyev Darakchi.uz’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat "Toshkent-Aero" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksidagi "Aviayuklar" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida yuklarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish chog‘ida aniqlangan.
Tekshiruv davomida og‘irligi 21 tonnadan ziyod bo‘lgan "Efba" nomli infuzion dori vositasi yukida jiddiy qonunbuzilishlar fosh etilgan.
Bojxona yuk deklaratsiyasida mazkur preparat Hindistonda ishlab chiqarilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ko‘rik jarayonida dori vositasi qadog‘i va yorliqlarida ishlab chiqaruvchi davlat hamda korxona haqida hech qanday ma’lumot mavjud emasligi aniqlangan. Aksincha, qadoqda preparat faqat qaysi kompaniya buyurtmasi bilan ishlab chiqarilgani qayd etilgan. Shuningdek, idishlardagi xitoycha yozuvlar ham uning Hindistonda ishlab chiqarilmaganini ko‘rsatgan.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, import qilinadigan bunday dori vositalari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining muvofiqlik sertifikati talab etiladi.
Tergovga ko‘ra, yuk egalari mazkur sertifikatni olishda "Efba" preparatining Hindistonda ishlab chiqarilgan asl namunasini taqdim etgan. Keyin esa shu sertifikatdan foydalanib, katta miqdordagi kontrafakt dori vositasini O‘zbekistonga olib kirishni rejalashtirgan.
Bojxonachilarning ta’kidlashicha, agar ushbu sxema amalga oshganida, 160 ming qutidan ortiq qalbaki dori vositasi dorixonalarga yetkazib berilishi mumkin edi.
Mutaxassislar "Efba" infuzion eritmasining asosiy ta’sir etuvchi moddasi levofloksatsin ekanini, u kuchli antibiotiklar qatoriga kirishini qayd etmoqda. Shu bois uning qalbaki nusxalaridan foydalanish infeksiyaning kuchayishi, og‘ir allergik reaksiyalar, zaharlanish va boshqa hayot uchun xavfli asoratlarga olib kelishi mumkin.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, vaqtincha saqlovga olingan qalbaki dori vositalarining umumiy qiymati 7,3 milliard so‘mdan oshadi.






