AsosiyJAMIYAT

Turkiyada o‘zbekistonliklar ko‘p yashaydigan Istanbulda keng ko‘lamli reyd o‘tkazildi

Bu haqda "TRT Haber" xabar berdi.

'Turkiyada o‘zbekistonliklar ko‘p yashaydigan Istanbulda keng ko‘lamli reyd o‘tkazildi'ning rasmi

Turkiyaning Istanbul shahrida keng ko‘lamli xavfsizlik reydi o‘tkazildi. Operatsiya davomida 819 nafar shaxs qo‘lga olingan, yuzlab qurollar va giyohvand moddalar musodara qilingan.

Qayd etilishicha, 4 avgust kuni Istanbulda o‘tkazilgan "Huzur İstanbul" ("Tinch Istanbul") operatsiyasi davomida 315 ming 909 nafar shaxs tekshirilgan. Ular orasida turli jinoyatlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan 396 nafar gumondor ham bor.

Operatsiya Istanbul Jamoat xavfsizligi boshqarmasi muvofiqligida ikki bosqichda o‘tkazilgan. Birinchi bosqichda 195 ta nazorat punktida 1209 nafar xodim ishtirokida tekshiruvlar amalga oshirilgan. Tadbirga politsiya vertolyoti hamda Dengiz porti boshqarmasiga qarashli beshta kater jalb etilgan.

Ikkinchi bosqichda esa jamoat joylarida 1104 nafar xodim ishtirokida tekshiruvlar olib borilgan.

Reyd davomida 18 ta ro‘yxatdan o‘tmagan to‘pponcha, 4 ta ov miltig‘i, 4 ta gazli to‘pponcha, 180 dona o‘q-dori, 607 gramm giyohvand modda hamda 618 dona giyohvandlik tabletkasi aniqlangan.

Shuningdek, giyohvand moddalar savdosidan olingani taxmin qilinayotgan 5405 turk lirasi va 200 AQSh dollari ham musodara qilingan.

Huquq-tartibot xodimlari 519 ta jamoat ob'ektini tekshirgan. Ularning beshtasi bo‘yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘tkazilgan nazoratlar davomida 41 ming 292 ta avtomobil va 2040 ta mototsikl tekshirilgan. Qoidabuzarlik sodir etgan 2528 ta transport vositasi hamda 67 nafar haydovchiga nisbatan chora ko‘rilgan.

Qoidabuzar haydovchilarga jami 3 million 461 ming 14 turk lirasi miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Ma'lumot uchun, Turkiyada o‘zbekistonlik fuqarolar 90 kun davomida vizasiz qolishi mumkin. Ushbu muddatdan oshgan hollarda esa mamlakat migratsiya organlaridan tegishli ruxsat olishi talab etiladi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, hozirda Turkiyada qariyb 130 ming nafar o‘zbekistonlik istiqomat qilmoqda. Ularning 80 ming nafari qonuniy asosda yashasa, taxminan 50 ming nafar fuqaro migratsiya talablarini buzgan holda qolmoqda.

Taqqoslash uchun, 2026 yil fevral oyida Turkiyada yashash huquqiga ega o‘zbekistonliklar soni 60 ming nafar atrofida bo‘lgan, noqonuniy yashovchilar esa 70 ming nafarni tashkil etgan edi. Shu tariqa yarim yil ichida qonuniy maqom olgan o‘zbekistonliklar soni 20 ming nafarga ko‘paygan, noqonuniy yashovchilar soni esa shunchaga kamaygan.

    Boshqa yangiliklar