FIFA prezidenti Janni Infantino bahsli investitsiya rejasi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘radi. Biroq tashkilot rahbariyati uning o‘z lavozimida qolishini qo‘llab-quvvatladi.
Marokash poytaxti Rabot shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda FIFA rahbari musobaqalarga xususiy sarmoya jalb qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan reja yuzasidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tan oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasi orqali erkaklar va ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati kabi yirik futbol musobaqalariga xususiy investorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) tomonidan tanqid qilinib, "yashirin va noaniq kelishuv" sifatida baholangan edi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, FIFA bosh kotibi Mattias Graffstrom hamda tashkilot boshqaruv kengashi Janni Infantinoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, Infantino va Graffstrom FIFAga a’zo bo‘lgan 211 ta milliy assotsiatsiyaga yo‘llagan murojaatida yuzaga kelgan holat uchun "chin dildan uzr" so‘radi. Ular kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.
FIFA bayonotida investitsiya rejasini tayyorlash va muhokama qilish jarayonida xatolarga yo‘l qo‘yilgani tan olindi. Tashkilot ayrim a’zo assotsiatsiyalar jarayondan chetda qolgandek his qilgan bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Shu bilan birga, FIFA o‘z obro‘siga zarar yetkazuvchi asossiz ayblovlarga qarshi zarur choralar ko‘rishini bildirdi.
Bundan tashqari, tashkilot Janni Infantino Marokashga 2030 yilgi Jahon chempionati finalini o‘tkazish huquqini va’da qilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
FIFA mazkur da’volarni "yolg‘on va chalg‘ituvchi" deb atab, 2030 yilgi Jahon chempionati final uchrashuvi mezboni belgilangan tartib asosida keyinroq ma’lum qilinishini bildirdi.
Asolat G‘ulomnazarova






