Bugun, 6 avgust kuni Andijon shahrida Isuzu rusumli yuk avtomashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oqibatda velosiped haydovchisi jarohat oldi. Bu haqda Andijon viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, hodisa soat 13:00 atrofida Andijon shahrining Pirmuhammedov ko‘chasida yuz bergan. 1966 yilda tug‘ilgan X.G‘. Isuzu rusumli yuk avtomashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda, u bilan bir yo‘nalishda yo‘lning birinchi harakatlanish tasmasida harakatlanayotgan velosipedchi keskin ravishda chap tomonga chiqqan. Natijada velosiped transport vositasi bilan to‘qnashgan.
Hodisa oqibatida velosipedchi tan jarohati olgan. U tibbiy ko‘rikdan o‘tish va zarur tibbiy yordam olish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon filialiga murojaat qilgan.






