Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan ishlab chiqarish sexlaridan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qilishicha, bugun, 6 avgust kuni soat 16:33 da Zangiota tumani "Nazarbek" mahallasi hududida joylashgan ishlab chiqarish sexlaridan birida yong‘in chiqqanligi haqida navbatchilik qismiga xabar kelib tushgan.
Xabar ortidan voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar xizmati qutqaruv ekipajlari zudlik bilan yetib borgan. Yong‘in soat 17:23 da qurshab olingan, soat 17:47 da esa to‘liq bartaraf etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






