Toshkent viloyatida bir qator korxonalar mas’ullari tomonidan soliq qonunchiligi buzilgani aniqlandi. Ular davlat byudjetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan 42,5 mlrd so‘mlik soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilinmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Soliq qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida 6 ta MChJ rahbarlari va boshqa mas’ul shaxslar tomonidan bir qator qonunbuzilishlar sodir etilgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu korxonalar 32,6 mlrd so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ini byudjetdan asossiz ravishda qaytarib olgan. Shuningdek, 195,9 mlrd so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, tushumlarni bank hisob raqamlariga kirim qilmagani aytilmoqda.
Tekshiruv jarayonida Toshkent viloyati soliq boshqarmasi ayrim mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan audit tekshiruvlarida ham qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Qayd etilishicha, audit dalolatnomalarida 5,2 mlrd so‘mlik soliqlar hisoblanmasdan rasmiylashtirilgani oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.






