Toshkent shahrida kottej savdosi bilan bog‘liq tovlamachilik holati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs hamda uning 1988 yilda tug‘ilgan ukasi oldindan o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaro tomonidan Toshkent tumanida qurilgan kottejni 66 ming AQSh dollariga sotib olishga kelishgan.
Ular dastlab uy egasiga 30 ming AQSh dollarini berib, qolgan 36 ming dollarini olti oy ichida to‘lashlarini bildirgan. Shundan so‘ng, 2022 yil may oyida kottej 1976 yilda tug‘ilgan shaxs — ularning akasi nomiga notarial tartibda rasmiylashtirilgan.
Biroq keyinchalik aka-uka qolgan 36 ming AQSh dollarini to‘lamasligini bildirib, mablag‘ni talab qilgan taqdirda uy egasiga nisbatan tazyiq o‘tkazish bilan qo‘rqitgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxslar qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi uchinchi qismi "a" bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.






