Ma‘lum qilinishicha, O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan fuqaro O‘zbekistonga qaytish uchun aviachipta xarid qilishga imkoniyati yo‘qligini bildirib, amaliy yordam so‘ragan. Shundan so‘ng Bosh konsulxona Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda uning Vatanga qaytishi uchun zarur tashkiliy choralarni ko‘rgan.
Fuqaroning aytishicha, u dastlab vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida Ruminiyaga borgan. Keyinroq yaxshiroq ish izlab Germaniyaga o‘tgan. Biroq u yerda mamlakat hududida qonuniy bo‘lib turish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagani va doimiy daromad manbai yo‘qligi sababli og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan.
Uning ijtimoiy holati inobatga olinib, aviachipta xarid qilish uchun zarur moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Barcha rasmiy hujjatlar rasmiylashtirilgach, fuqaroning Germaniyadan O‘zbekistonga qaytishi tashkil etilgan.
Shu tariqa, konsullik va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida O‘zbekiston fuqarosi xavfsiz tarzda Vatanga qaytarildi.






