AsosiyDUNYO

Rossiyadagi yoqilg‘i tanqisligi Markaziy Osiyoni yangi manbalar izlashga majbur qilmoqda

'Rossiyadagi yoqilg‘i tanqisligi Markaziy Osiyoni yangi manbalar izlashga majbur qilmoqda'ning rasmi

Rossiyada yonilg'i tanqisligi kuchayishi fonida Markaziy Osiyo davlatlari muqobil ta'minot manbalarini izlamoqda. Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston yonilg'i importini O'zbekiston, Qozog'iston, Belarus, Xitoy va Turkmaniston kabi davlatlar hisobiga diversifikatsiya qilmoqda.

Eurasianet nashri ma'lum qilishicha, Rossiya energetika infratuzilmasiga Ukraina dronlari hujumlarining ko'payishi mamlakatda benzin va aviakerosin tanqisligini kuchaytirgan. Shu sababli Moskva neft mahsulotlari eksportini cheklamoqda.

Qirg'iziston yil boshiga qadar yonilg'i ehtiyojining qariyb 90 foizini Rossiyadan qoplagan. Biroq Rossiya iyul oxirida mamlakatning yil oxirigacha bo'lgan ehtiyojining taxminan yarmini yetkazib berishga rozi bo'lgan. Shundan so'ng Bishkek O'zbekiston va Qozog'iston bilan kelishuvlarga erishib, Belarus hamda Xitoydan ham yonilg'i olishni boshlagan.

Tojikiston iyul oyida Turkmaniston, O'zbekiston va Qozog'istondan yonilg'i importini uch barobarga oshirib, 34 ming tonnaga yetkazgan. Rossiyadan benzin importi esa qariyb ikki barobar kamaygan.

O'zbekiston Rossiya yonilg'isiga nisbatan kamroq qaram davlat sifatida qayd etilgan. Mamlakatda oyiga 100 ming tonnagacha neft mahsuloti ishlab chiqarilib, ichki ehtiyojning qariyb 60 foizi qoplanadi. Qolgan ehtiyojni ta'minlash uchun Toshkent yangi import manbalarini izlamoqda.

Nashrga ko'ra, Rossiya–Ukraina urushi uzoq davom etsa, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan muqobil yonilg'i ta'minoti tizimi yanada mustahkamlanishi mumkin. Bu esa Rossiyaning mintaqa yonilg'i bozoridagi ulushi qisqarishiga olib kelishi ehtimolini oshiradi.

    Boshqa yangiliklar