Rossiya qo‘shinlari 9 avgust kuni ertalab Ukraina hududiga, jumladan, Xarkov va Odessa viloyatlariga raketa hamda dronlar orqali zarba berdi. Hujumlar oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, 29 kishi jarohatlangan. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Xarkovning Saltovskiy tumaniga berilgan raketa zarbasi oqibatida ko‘p qavatli uy zararlangan. 50 va 66 yoshli ikki erkak halok bo‘lgan, kamida 21 kishi jarohatlangan.
Odessa viloyatiga esa o‘nlab raketa va dronlar bilan hujum qilingan. Natijada infratuzilma obyektlari va turar joylar zararlangan. Odessada sakkiz kishi jarohatlangan, ulardan yetti nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda.
Jabrlanganlarning aksariyati portlash oqibatida sochilgan metall parchalaridan jarohat olgan.






