AsosiyDUNYO

HAMAS qurolsizlantirilmaguncha Isroil G'azodan qo'shinlarini olib chiqmaydi — Netanyahu

Netanyahu 9 avgust kuni o‘ng qanot hukumati yig‘ilishida Isroil Trampning 15 banddan iborat hujjatini qabul qilmasligini aytgan.

'HAMAS qurolsizlantirilmaguncha Isroil G'azodan qo'shinlarini olib chiqmaydi — Netanyahu'ning rasmi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh Prezidenti Donald Trampning G‘azo urushiga barham berish bo‘yicha 15 banddan iborat rejasini to‘liq qabul qilmasligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, HAMAS to‘liq qurolsizlantirilmaguncha Isroil armiyasi G‘azodan chekinmaydi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Netanyaxu 9 avgust kuni o‘ng qanot hukumati yig‘ilishida Isroil Trampning 15 banddan iborat hujjatini qabul qilmasligini aytgan.

"Isroil 15 banddan iborat hujjatni qabul qilmaydi. Harbiylar HAMAS qurolsizlantirilmaguncha hech qanday chekinishni amalga oshirmaydi. Biz og‘ir qurollar, engil qurollar barcha qurollar haqida gapiryapmiz", degan Netanyaxu.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, Isroil "soxta qurolsizlantirish"ga rozi bo‘lmaydi. U haqiqiy va to‘liq qurolsizlantirish talab qilinayotganini bildirgan.

Netanyaxu ayni vaqtda AQSh tomoni bilan reja yuzasidan muzokaralar davom etayotganini ham aytgan.

Trampning rejasida nima bor?

Donald Tramp o‘tgan oy G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha rejasida "muhim siljish"ga erishilganini ma’lum qilgandi.

15 banddan iborat rejaga ko‘ra, HAMAS qurolsizlanishi, Isroil qo‘shinlari G‘azodan bosqichma-bosqich chiqarilishi, anklav xavfsizligi esa yangi Falastin politsiyasi hamda Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari tomonidan ta’minlanishi kerak.

Biroq rejani amalga oshirish ketma-ketligi bo‘yicha tomonlar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan.

Isroil HAMAS qurolsizlantirilmaguncha qo‘shinlarini olib chiqmasligini bildirmoqda. HAMAS esa qurolsizlanish bo‘yicha majburiyatlarni bajarishdan avval Isroil hujumlarni to‘xtatishi va qo‘shinlarini olib chiqishi lozimligini aytmoqda.

HAMASning yuqori martabali vakili Basem Naim 9 avgust kuni guruh Qohirada vositachilar bilan 10 kun avval kelishilgan yo‘l xaritasiga sodiq qolishini bildirdi.

"Biz vositachilar va AQSh kafili Netanyaxu hamda uning hukumatini yo‘l xaritasiga amal qilishga va ichki siyosiy hamda saylov sabablari bilan jarayonga to‘siq qilmaslikka undashini kutyapmiz", degan Naim.

G‘azodagi harbiy harakatlar kamaygan

Ayni paytda Isroil G‘azodagi harbiy harakatlarini sezilarli darajada kamaytirgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 3 avgust kuni Tramp ma’muriyatining G‘azo bo‘yicha vakili Nikolay Mladenov Binyamin Netanyaxu bilan uchrashganidan keyin Isroil armiyasi G‘azoda faqat "zudlik bilan tahdid" deb baholangan holatlarga qarshi harakat qilishi va deyarli har kuni amalga oshirilayotgan maqsadli hujumlarni to‘xtatishiga kelishilgan.

Mladenov 9 avgust kuni G‘azodagi yangi yo‘l xaritasi bo‘yicha muhokamalar davom etayotganini bildirgan.

Netanyaxuning pozitsiyasini Isroil Moliya vaziri, o‘ng qanot siyosatchisi Bezalel Smotrich ham qo‘llab-quvvatlagan.

"Biz urushga asosiy maqsad HAMASni yo‘q qilish uchun kirganmiz. Qo‘shinlar G‘azo sektorida hatto bir millimetrga ham chekinmasligi kerak", degan Smotrich.

HAMAS qurollarini topshirishga rozi, ammo...

Tramp rejasiga ko‘ra, HAMAS o‘z qurollarini AQSh qo‘llab-quvvatlaydigan falastinlik texnokratlar ma’muriyatiga topshirishi kerak.

HAMAS esa "qurolsizlanish" atamasidan foydalanmasdan, qurollarni saqlash uchun topshirishga rozi bo‘lganini bildirgan. Guruh kelishuvni amalga oshirish Isroilning o‘z majburiyatlarini, jumladan, qo‘shinlarni olib chiqish va hujumlarni to‘xtatish talablarini bajarishiga bog‘liq ekanini aytgan.

Isroil esa 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumda ishtirok etgan HAMAS jangarilarini ta’qib qilishni davom ettirishini bildirgan.

G‘azodagi qurbonlar soni 1 250 nafardan oshdi

G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktyabr oyida AQSh vositachiligida erishilgan sulhdan keyin Isroil hujumlari oqibatida 1 250 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan. Ularning aksariyati tinch aholi vakillaridir.

Ayni paytda Isroil qo‘shinlari G‘azo hududining uchdan ikki qismini egallab turgani aytilmoqda. Anklavdagi 2 milliondan ortiq aholining deyarli barchasi esa sohil bo‘yidagi, HAMAS nazoratida qolgan tor hududga siqib qo‘yilgan.

    Boshqa yangiliklar