AsosiyJAMIYAT

JCh-2026 vaqtida Messi va Ronalduga qarshi tahdidlar bo‘lgan

Argentina — Misr uchrashuvi oldidan esa ijtimoiy tarmoqlarda Messiga nisbatan zo‘ravonlik tahdidlari tarqalgan.

'JCh-2026 vaqtida Messi va Ronalduga qarshi tahdidlar bo‘lgan'ning rasmi

2026 yilgi Jahon chempionati davomida futbol yulduzlari Lionel Messi va Krishtianu Ronalduga nisbatan bir qator xavfsizlik tahdidlari qayd etilgan. Bu haqda Zamon.uz nashri xabar berdi.  

Qayd etilishicha, turnir davomida AQSh Federal qidiruv byurosi hamda Xalqaro politsiya hamkorlik markazi futbolchilar va boshqa ishtirokchilarga nisbatan tahdidlarni tekshirgan.

Lionel Messi bir necha bor tahdidlar markazida bo‘lgan. Argentina terma jamoasining Iordaniya va Misrga qarshi uchrashuvlari oldidan stadionlar hamda futbolchining o‘ziga nisbatan hujum qilish bilan bog‘liq tahdidlar kelib tushgan.

Xususan, Argentina — Iordaniya uchrashuvi oldidan Dallas aeroportiga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, stadionga qurol va portlovchi moddalar bilan kirib, Messiga hujum qilish bilan tahdid qilgan.

Argentina — Misr uchrashuvi oldidan esa ijtimoiy tarmoqlarda Messiga nisbatan zo‘ravonlik tahdidlari tarqalgan. Shuningdek, stadionga portlovchi qurilmalar joylashtirilgani haqida xabar kelib tushgan. Huquq-tartibot idoralari xizmat itlari yordamida stadionni tekshirgan, ammo xabar yolg‘on ekani aniqlangan. 

Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq holatlar ham qayd etilgan. FIFA portugaliyalik futbolchining qayerda istiqomat qilayotgani haqida ma’lumot olishga uringan shubhali shaxs haqida huquq-tartibot idoralarini xabardor qilgan. Keyinchalik mazkur shaxs Portugaliya terma jamoasi joylashgan mehmonxonada ushlangan.

Toronto shahrida esa Ronaldu turgan mehmonxona liftiga kirishga uringan yana bir shaxs ushlangan. U futbolchi bilan selfi tushish niyatida bo‘lganini aytgan. (Talksport)

Jahon chempionati davomida hakamlar ham tahdidlarga duch kelgan. Argentina — Misr uchrashuvidan keyin fransuz hakami Fransua Leteksye o‘zining shaxsiy "WhatsApp" akkauntiga 6 mingdan ortiq haqorat va tahdid mazmunidagi xabar olgan. VAR hakami Villi Delajo ham shunga o‘xshash tahdidlarga duch kelgan.

Hodisalardan so‘ng Fransiyada hakamlar va ularning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlash choralari kuchaytirilgan.

Ta’kidlash joizki, Messiga nisbatan aytilgan portlash va hujum tahdidlari tekshirilgan bo‘lsa-da, stadionlarda haqiqiy portlovchi qurilma topilmagan. 

    Boshqa yangiliklar