AsosiyJAMIYAT

O'zbekistonga 7,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh keldi.

Natijada mamlakatdagi joylashtirish vositalarining umumiy soni 7 ming 440 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 202,6 mingtaga yetgan.

'O'zbekistonga 7,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh keldi.'ning rasmi

2026 yilning yanvar–iyul oylarida Oʻzbekistonga 7 million 749 ming 307 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 22,6 foizga koʻp. Bu haqda Turizm qoʻmitasi xabar berdi.

Turistlar oqimining ortishi xalqaro aviaqatnovlar tarmogʻining kengayishi bilan bir vaqtda kechmoqda. Joriy yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekiston aeroportlari 8,15 million nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga yuqori.

Ushbu davrda mamlakat aeroportlarida jami 64 ming 831 ta reys amalga oshirilgan. Shundan 47 ming 371 tasi xalqaro reyslarni tashkil etgan.

Xalqaro reyslardan 6,7 million nafar yoʻlovchi foydalangan boʻlib, bu koʻrsatkich bir yilda 15,4 foizga oshgan. Aeroportlarda qayta ishlangan yuk va pochta hajmi esa 33 foizga koʻpayib, 51,5 ming tonnaga yetgan.

Xalqaro aviaqatnovlar geografiyasi ham kengaymoqda. 2026 yilda Toshkentga "China Eastern" aviakompaniyasining Shanxaydan, "Asiana Airlines" aviakompaniyasining Seuldan va "Shirak Avia" aviakompaniyasining Yerevandan yangi toʻgʻridan-toʻgʻri reyslari yoʻlga qoʻyildi.

Hududiy aeroportlarda ham yoʻlovchi oqimi oshgan. Xususan, Termiz aeroportida yoʻlovchilar oqimi 52 foizga, Urganchda 24 foizga, Nukusda esa 23 foizga koʻpaygan.

Turistlar oqimining ortishi joylashtirish infratuzilmasining kengayishiga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Yanvar–iyul oylarida mamlakatda 22 ming 296 oʻringa moʻljallangan 705 ta yangi joylashtirish vositasi tashkil etilgan.

Natijada mamlakatdagi joylashtirish vositalarining umumiy soni 7 ming 440 taga, ulardagi oʻrinlar soni esa 202,6 mingtaga yetgan.

Turizm sohasining iqtisodiy samaradorligi ham oshgan. Yilning dastlabki yetti oyida turistik xizmatlar eksporti 3 milliard 895,7 million AQSh dollarini tashkil etgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 56 foizga koʻp.

Xalqaro aviaqatnovlar kengayishining soʻnggi misollaridan biri "Etihad Airways" aviakompaniyasining Abu-Dabi va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻyishi boʻldi. Ilk reys 10 avgust kuni amalga oshirilgan.

Shu tariqa, 2026 yilning yanvar–iyul oylarida Oʻzbekistonda turizm sohasining asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha ijobiy dinamika qayd etildi: xorijiy sayyohlar oqimi 22,6 foizga, turistik xizmatlar eksporti 56 foizga, aeroportlardagi yoʻlovchi oqimi esa 16 foizga oshdi.

Turizm qoʻmitasi qayd etishicha, ushbu koʻrsatkichlar turizmning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati ortib borayotganini va sohani yanada rivojlantirish uchun salohiyat yuqori ekanini koʻrsatmoqda.

    Boshqa yangiliklar