Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Lamborghini sportkarining avariyaga uchrashi aks etgan video tarqaldi. Kadrlarda avtomobil yo‘ldan chiqib ketib, turar joy binosiga borib urilgani ko‘rinadi. Hodisa 11 avgust kuni sodir bo‘lgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, binafsha rangli Lamborghini Otradnaya ko‘chasida katta tezlikda harakatlanib, yo‘l chetidagi trotuarga chiqib ketgan va bino devoriga urilgan. Hodisa oqibatida ikki kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda avariyadan keyingi holat ham aks etgan.
Hozirda huquq-tartibot idoralari hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlamoqda. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Lamborghini bilan bog‘liq to‘qnashuvdan so‘ng voqea joyidan ketib qolgan kulrang avtomobil haydovchisi ham qidirilgan. Keyinchalik uning shaxsi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Qayd etish joiz, mazkur hodisada Lamborghini rul boshqaruvida kim bo‘lgani rasmiy ravishda ochiqlanmagan. Ayrim OAVlar esa avtomobil rossiyalik milliarder Igor Altushkinga tegishli ekanini va uning o‘g‘li David Altushkin rulda bo‘lganini yozgan. Biroq bu ma’lumot rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlanmagan.






