Toshkentda bolalar sharbati qutisida giyohvand moddalarni olib ketayotgan shaxs ushlandi. Uning yashash xonadonini tekshirish davomida 3,15 kilogrammdan ortiq geroin, mefedron, marixuana va boshqa turdagi giyohvand moddalar aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi Kontrabandaga qarshi kurashish shu’ba xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish maqsadida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan.

3 avgust kuni poytaxtda o‘tkazilgan tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi avtomobil to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv vaqtida avtomobildagi bolalar sharbati qutisidan umumiy og‘irligi qariyb 11 gramm bo‘lgan 20 o‘ram giyohvand modda topilgan.
Shundan so‘ng mazkur jinoyatning kelib chiqish manbasini aniqlash maqsadida fuqaroning yashash xonadoni Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari vakillari ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada xonadondan 3,15 kilogramm og‘irlikdagi geroin, mefedron, marixuana va boshqa turdagi giyohvand moddalar aniqlangan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur giyohvand moddalarning haqiqiy egasi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi ham qo‘lga olingan.






