Indoneziyaning Sharqiy Nusa-Tengara provinsiyasidagi Flores orolida 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila mahalliy vaqt bilan taxminan soat 05:00 da qayd etilgan. Tabiiy ofat oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi jarohatlangan. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Zilzila o‘chog‘i 15 kilometr chuqurlikda joylashgan. Epitsentr Bali orolidan qariyb 1000 kilometr uzoqda bo‘lgani xabar qilindi.
Zilzila ayniqsa Flores orolidagi Maumere shahrida kuchli sezilgan. Portda olingan videolarda terminal binosining yirik beton qismlari parom kutayotgan yo‘lovchilar ustiga qulagani aks etgan. Kemaga olib boruvchi yo‘lak qulashi oqibatida ayrim odamlar dengizga tushib ketgan.
Zilziladan keyin rasmiylar tsunami xavfi haqida ogohlantirish bergan. Shu sababli Maumereda odamlar xavfsizroq hududlarga, jumladan, balandliklar tomon harakatlangan. Keyinchalik tsunami xavfi bekor qilingan.
Hududda kuchli takroriy silkinishlar ham kuzatilgan. Ular orasida magnitudasi 6,1 ga yetgan zilzila ham bor.
Indoneziya Milliy ofatlarni boshqarish agentligi aholini sarosimaga tushmaslikka va sohil hududlaridan uzoqroq bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, devorlarida yoriq yoki boshqa konstruktiv shikastlanishlar paydo bo‘lgan binolarga kirmaslik tavsiya etildi.
Qutqaruv va qidiruv guruhlari Maumere shahrida ish olib bormoqda. Mutaxassislar vayron bo‘lgan binolarni tekshirib, jabrlanganlar va vayronagarchilik ko‘lamini aniqlamoqda.
Ayni paytda mahalliy aholining bir qismi takroriy silkinishlardan qo‘rqib, uylariga qaytishdan o‘zini tiymoqda. Aniq zarar va jabrlanganlar sonini baholash ishlari davom etmoqda.






